TOShKENT, 20-iyun – Sputnik. Samarqand temir yo‘l vokzalida Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiada ishtirokchi va mehmonlarining dastlabki guruhi tantanali kutib olindi, deb xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.
Qozog‘iston va Qirg‘izistondan tashrif buyurgan mehmonlar karnay-surnay sadolari ostida Xalq ta’limi vazirligi, Samarqand viloyat hokimligi va keng jamoatchilik ishtirokida samimiy kutib olindi.
Ishtirokchilar uchun Samarqand shahrida muqaddas qadamjo va tarixiy obidalar bo‘ylab sayohat, madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahrida 23-iyunga qadar ilk marotaba umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida fizika va astronomiya fanlaridan Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiadada dunyoning qator davlatidan iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Unda har bir ishtirokchi davlatdan 6 nafar o‘quvchi hamda ikki nafar jamoa rahbaridan iborat guruh ishtirok etishi belgilangan.