GM Uzbekistan avtomobillari videoregistrator va ERA GLONASS tizimi bilan jihozlanadi

"Biz IIVga O‘zbekistonda ERA GLONASS tizimini joriy etish taklifi bilan chiqdik", – dedi "O‘zavtosanoat" rahbari.
Sputnik

TOShKENT, 19-iyun – Sputnik. GM Uzbekistan kompaniyasi O‘zbekistonda sotiladigan avtomobillarini ERA GLONASS tizimi hamda videoregistrator va tezlikni cheklash qurilmalari bilan jihozlaydi. Bu haqda Podrobno.uz xabar bermoqda.

"Agar Yaponiya misolida oladigan bo‘lsak, ular eng yaxshi narsalarni avvalo o‘z ichki bozori uchun ishlab chiqarishadi. Biz o‘zimizga savol berdik, nima uchun Rossiyaga eksport qilinadigan avtomobillarimizga ERA GLONASS tizimi o‘rnatiladiyu, o‘zimizning bozorda sotiladiganlariga o‘rnatilmaydi. Nega o‘zimiznikilarni ajratib qo‘yishimiz kerak", – dedi "O‘zavtosanoat" boshqaruvi raisi Umidjon Salimov.

Uning aytishicha, bu tizim yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. 

"Biz IIVga O‘zbekistonda ERA GLONASS tizimini joriy etish taklifi bilan chiqdik. Nega O‘zbekistonda sotiladigan avtomobillarda favqulodda xizmatlar va dispetcherni chaqirish xizmati tugmalari bo‘lmasligi kerak. Biz buni amalga oshiramiz. Hamma muammo unga muvofiq infrastrukturani yaratishda, bu masala hozir Axborot-kommunikatsiya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Biz masalaning texnik tomonlarini allaqachon ishlab chiqdik va joriy etishga tayyormiz", – dedi "O‘zavtosanoat" rahbari.

O‘zbekistonda Ravon brendi ostidagi avtomobillar sotuvi boshlandi

Bundan tashqari, Salimovning aytishicha, mahalliy avtomobillarni videoregistratorlar bilan jihozlash g‘oyasi ham mavjud. Bu ham juda kerakli narsa, deb hisoblaydi u.

"Tezlikni cheklash texnik jihatdan murakkab ish emas. Biz avtomobilni boshqaruvchi kompyuter blokiga yangi dasturni kiritsak bo‘ldi, tezlik oshganida tovushli signal beriladi", – dedi u.

ERA GLONASS – bu halokat chog‘ida qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilish imkonini beruvchi uskuna. SOS tugmasi bosilganida u mashinani favqulodda xizmat operatori bilan bog‘laydi, avtomobilning tezligi, rangi, uning qayerda ekanligiva boshqa ma’lumotlarni tarmoqqa jo‘natadi.

Shuningdek, tugma halokatdan so‘ng avtomatik tarzda ham ishga tushishi mumkin. Tizim zarba oqibatida SOS signalini yuboradi, operator mashinaga nazorat qo‘ng‘irog‘ini amalga oshiradi va agarda hech qanday javob bo‘lmasa, mashina turgan joyga qutqaruvchilar yuboriladi.