Imom Buxoriy majmuasi 60 gektar maydonda qayta quriladi

Imom al-Buxoriy majmuasining yangi loyihasiga ko‘ra, u yerda bir necha mehmonxona, savdo va hunarmandlik markazlari, dehqon bozori va amfiteatr paydo bo‘ladi.
Sputnik

TOShKENT, 18-iyun – Sputnik. Samarqand viloyati Payariq tumani Xartang qishlog‘ida joylashgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi yangi loyiha asosida to‘liq qayta rekonstruksiya qilinadi, deb xabar qilmoqda Samarqand viloyat hokimiyati matbuot xizmati.

Imom Buxoriy majmuasi 60 gektar maydonda qayta quriladi

Imom Buxoriy majmuasining yangi loyihasiga bag‘ishlangan yig‘ilishni viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev olib bordi.

“O‘zshaharsozlikLITI” DUK tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga muvofiq, majmuaning umumiy joylashuv yer maydoni 60,4 gektarni tashkil etib, majmua to‘liq qayta rekonstruksiya qilinishi belgilandi”, - deyilgan xabarda.

Yangi loyihada belgilanishiga ko‘ra majmuada quyidagi inshootlar qurilishi belgilangan:

  • bitta 4 qavatli katta, 6 ta uch qavatli o‘rtacha va 20 ta ikki qavatli kichik mehmonxonalar;
  • supermarket, yirik savdo markazi, dehqon bozori;
  • milliy hunarmandchilik buyumlari va suvenirlar sotadigan 16 ta savdo do‘koni;
  • amfiteatr, bolalar o‘yin maydonchasi;
  • hammom, ikkita tahoratxona;
  • choyxona, restoran;
  • uchta avtomobillar turar joyi va minibank.

Imom Buxoriy majmuasidan o‘tuvchi Oqdaryo–Qo‘lbosti avtomobil yo‘li olti tasmaliga kengaytirilib, Xartang qishlog‘ini 5 km masofada to‘liq aylanib o‘tadi.

Imom Buxoriy majmuasi 60 gektar maydonda qayta quriladi

Shuningdek, yangi majmua qurilishi munosabati bilan hududda joylashgan uy-joylar va boshqa inshootlar buzilishi qaror qilingan.

“Majmuaning qayta qurilishi munosabati bilan ushbu hududdagi 164 ta turar-joy va 30 ta noturar-joylar – jami 194 ta bino va inshootlar buzilishga tushgan. Hozirda bu ish jadal amalga oshirilmoqda”, - deyilgan xabarda.

Viloyat hokimligi ushbu loyiha doirasida bir yoki bir necha inshoot qurish istagi bo‘lgan tadbirkorlarni qurilishda ishtirok etishga taklif qilmoqda.

Imom Buxoriy majmuasi 60 gektar maydonda qayta quriladi

Eslatib o‘tmiz, bugungi kunda mavjud bo‘lgan Imom Buxoriy majmua 1998-yilning 23-oktabrida ochilgan edi. Undan oldin va sobiq Ittifoq davrida ushbu joylar tashlandiq holda edi.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning aprel oyida Imom Buxoriy majmuasi hududida Islom madaniyatini o‘rganish bo‘yicha xalqaro ilmiy markaz qurilishi bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Bugungi kunda ushbu qurilish ishlari yakunlanish arafasida turibdi.