TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. Oldingi, sho‘rolar davridagi ta’lim sistemasi — bu bitta bizni fikrimizmas — butun jahonda tan olingan birinchi darajali ta’lim sistemasi bo‘ladi, dedi Sputnik muxbiri bilan suhbatda Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti dotsenti, falsafa fanlari nomzodi Muhammadjon Qodirov.
"Buni guvohi — sovet Ittifoqi iqtisodiy jihatdan birinchi o‘rinda bo‘lmasa ham, 61-yilda fan-texnika taraqqiyotining yutug‘ini ko‘rsatib qo‘yib, insonni samoga uchirdi", deydi dotsent va sobiq Ittifoqini bu yutuqlarga uning ta’lim sistemasi olib kelganini qo‘shimcha qiladi.
Dotsent bilan O‘zbekistondagi Mustaqillikdan keyingi ta’lim sistemasiga to‘xtalamiz.
Mustaqillikdan keyin shu ta’lim sistemasini davom ettirsak bo‘lmasmidi, degan savolga Qodirov quyidagicha javob beradi: "Odatda Mustaqillikda ichki, ilgari paydo bo‘lmagan imkoniyatlar to‘liq namoyon bo‘lishi kerak edi. Biz Mustaqil davlatimiz uchun o‘sha ta’lim tizimini saviyasini tushirmaslik emas, balki kuchaytirishimiz kerak edi, aslida", — dedi dotsent va "menimcha shu narsa bo‘lmadi", — deya qo‘shimcha qildi.
"Avvaliga 10-sinfda olinsa, keyin 8-sinfdan olina boshladi. Chunki 8dan keyin o‘quvchilar boshqa o‘quv yurtlariga kirishi mumkin edi. Ammo ta’lim sistemasi buzildi, bu aniq. Shuning uchun maktabni bitirib kelgan o‘quvchilarimizning hatto yarmi o‘z bilimi bilan oliy o‘quv yurtlariga kira oladi deyolmayman", — deb ta’kidlaydi Qodirov.
O‘qituvchining fikr bildirishicha, o‘sha sistemaning buzilganligi to‘g‘ri bo‘lmagan.
"Mana, misol uchun Amerika ham sovet ta’lim sistemasidan ko‘p narsalarni o‘rgandi, oldi. Misol uchun ularda hozir maktablarga e’tibor juda kuchli", — deydi Qodirov va bu o‘rinda faqat O‘zbekiston emas, balki butun sobiq Ittifoq respublikalarida ta’lim sistemasida buzilish kuzatilganini ta’kidlaydi.
Qodirov shuningdek test sistemasi xususida to‘xtaldi.
"Nimagadir bizga hech narsadan namuna bo‘lmasa ham test sistemasini Turkiyadan olib o‘tiribmiz. Test sistemasi… hech kim buni to‘g‘ri sistema ekan, adolatga yaqin ekan, deb baholamagan. 1-avgust kuni "yumaloq yostiq" qilib uch soatni ichida aylanalarni bo‘yab, hech narsani bilmagan odamlar ham tavakkal to‘ldirib berapti. Mana shu sistema menimcha bizning o‘quv sistemamizni buzdi", — deb ta’kidladi dotsent va bu masalani hali ham o‘ylab ko‘rish kerak, deya fikr bildirdi.
Qodirovning aytishicha, "O‘zbekiston prezidentining 5-iyunda e’lon qilingan qarorida test sistemasiga shubha bildirilgan joyi bor".
Institutda uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan o‘qituvchining ushbu savoli birgina jurnalistga emas, balki O‘zbekiston kelajagi uchun mas’ul bo‘lgan Oliy ta’lim vazirligi mutassaddilariga ham qaratilgan va umid qilamizki, ular bu masalani chuqurroq tahlil qilib ko‘radilar.