Avgust oyidan Xitoydan O‘zbekistonga charter reyslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Xitoylik bir guruh qatnashchilar obyektlarda Xitoy yozuvida yozilgan ma’lumotlarni ham ko‘rish istagini bildirishmoqda
Sputnik

TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. Xitoydan O‘zbekistonga charter reyslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi.

"It hurar, karvon o‘tar": O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari mustahkam, dedi ekspert

Xabarga ko‘ra, yo‘l xaritasi doirasida Xitoy bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun uchrashuv tashkillashtirilgan va tadbirda Xitoy turoperatorlari Diplomatik VIP va Travel Service​ sayohat agentligi bilan birgalikda shu yilning avgust oyi oxirida Chuntsin, Loan, Sian​ shaharlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va charter reyslar tashkillashtirishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.

Xitoy turoperatorlari 25-maydan 11-iyungacha O‘zbekistonda bo‘lib, infotur doirasida mamlakatning sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishishgan. Tashrif chog‘ida mehmonlar Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida bo‘lishgan.

Guruh qatnashchilari mehmonxonalar, tarixiy va madaniy obyektlarda Xitoy yozuvida yozilgan ma’lumotlarni ham ko‘rish istagini bildirishgan, shuningdek, Xitoy taomlari mavjud menyu nafaqat Toshkent restoranlarida, balki boshqa shaharlarda ham mashhur bo‘lishi mumkin ekanligini ta’kidlab o‘tishgan.