Sindaoda ShHT rahbarlari sammiti boshlandi

Xitoyning Sindao shahrida Hindston va Pokiston qo‘shilganidan keyin ShHTning birinchi sammiti boshlandi.
Sputnik

TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. Xitoyning Sindao shahrida ShHT sammiti boshlandi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.  

Sammit oldidan an’anaviy suratga tushish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng ShHT rahbarlarining avval tor doirada keyin keng doiradagi majlislari bo‘lib o‘tdi. Sammitning asosiy yakuniy hujjati – Sindao deklaratsiyasi bo‘ladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham sammitda nutq so‘zlab, ShHTga Xitoy raislik davrida amalga oshirilgan ishlar haqida gapirdi.  

"Ko‘rkam Sindao shahrida o‘tayotgan ushbu sammit “Shanxay sakkizligi” rahbarlarining ilk uchrashuvi sifatida tarixda qoladi. Bu chuqur ma’noga ega, chunki aynan “8” raqami xitoy xalqida omad va taraqqiyotni anglatadi. 

Tashkilotimiz qisqa davrda bir yarim milliard odamga ko‘paydi, uning iqtisodiy va intellektual salohiyati salmoqli darajada kengaydi", — dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Shuningdek, Mirziyoyev Yevroosiyo qit’asi xavfsizligi va barqaror taraqqiyotini ta’minlashda o‘rni kuchayib borayotganini ta’kidladi. Hindiston va Pokistondek qudratli davlatlarning ShHT faoliyatida to‘la huquqli a’zo sifatida qatnashishi keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini qayd etdi va Afg‘oniston masalasida ham to‘xtalib o‘tdi. 

“Afg‘onistondagi tinchlik – mintaqadagi barqarorlik va taraqqiyot omili ekanligini juda yaxshi anglaymiz. Ishonchim komil, “ShHT — Afg‘oniston” muloqot guruhi doirasida biz mazkur mamlakatning tinch taraqqiyotini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shishga qodirmiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish masalalari muhokama qilindi.