Shavkat Mirziyoyevning ShHT sammitidagi kun tartibi ma’lum qilindi

O‘zbekiston prezidenti XXR raisi Si Szinpin, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Sputnik

TOShKENT, 7-iyun – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-10 iyun kunlari Xitoyning Sindao shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining o‘n sakkizinchi majlisi doirasida qator davlatlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Bu haqda prezidentning matbuot kotibi Komil Allamjonov ma’lum qildi.

Allamjonovning bildirishicha, Shavkat Mirziyoyev Sindaoga 8-iyun kuni yetib keladi. O‘zbekiston prezidenti 9-iyun kuni XXR raisi Si Szinpin, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, sammitda tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish, mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, transport-kommunikatsiya sohasidagi aloqalarni faollashtirish masalalari hamda ko‘p tomonlama hamkorlikning boshqa jihatlari muhokama qilinadi.

Komil Allamjonov shuningdek, O‘zbekiston prezidentining Pokiston prezidenti Mamnun Husayn va BMT rahbariyati bilan ham uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilganini bildirdi.