GM Uzbekistan “Damas” xaridorlarini tinchlantirdi

Telegramdagi ommabop kanallarda avtosalonlar “Damas” xaridorlaridan mashinani ba’zi detallarsiz olishga rozilik haqida tilxat olayotganiga doir xabarlar tarqalgan.
Sputnik

TOShKENT, 7-iyun – Sputnik. GM Uzbekistan matbuot xizmatining bildirishicha, bugun ayrim internet manbalarda kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Damas” rusumli avtomobilning ayrim detallari olib tashlanayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan.

“Kompaniya tarqalgan ushbu xabarlarni tasdiqlamaydi va haqiqatga zid ekanligini ma’lum qiladi”, - deyiladi kompaniya matbuot xizmati tomonidan.

Cotuvdagi avtomobillar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar va o‘zgarishlar GM Uzbekistan AJ rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali e’lon qilinishi bildirilmoqda.

Mahalliy OAVning yozishicha, Telegramdagi ommabop kanallarda avtosalonlar “Damas” xaridorlaridan mashinani ba’zi detallarsiz olishga rozilik haqida tilxat olayotganiga doir xabarlar tarqalgan.