Andijonda 800 milliard so‘m kredit mablag‘lari aholiga taqsimlanmoqda

Viloyat hokimligida tashkil etilgan ishchi guruhi a’zolari mavjud 878 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lishib, fuqarolarning xohish–istaklari va imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 7-iyun – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatda “Har bir oila – tadbirkor” dasturini ishlab chiqish bo‘yicha bergan topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda bir qancha xorijiy moliya institutlari tomonidan 100 million AQSh dollari yoki 800 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ ajratildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.

Andijonda tadbirkorlarga 3 foizlik imtiyozli kreditlar beriladi

Mazkur dasturdan ko‘zlangan maqsad viloyatdagi har bir oilada turmush madaniyatini shakllantirish, yashash sharoitini yaxshilashdan iborat.

Ayni paytda ushbu mablag‘ aholining chorvachilik, quyonchilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik yo‘nalishlaridagi faoliyatlarini tashkil etish, issiqxonalar qurish, bog‘ va tokzorlar yaratish, sartaroshlik, kosmetologiya xizmati, kosibchilik, tunukasozlik, yog‘och va allyumin profildan eshik va romlar tayyorlash, zargarlik, avtoservis ustaxonalari ochish, qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish kabi 20 dan ortiq yo‘nalishlarga yo‘naltirilmoqda.

Xabarga ko‘ra, viloyat hokimligida tashkil etilgan ishchi guruhi a’zolari mavjud 878 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lishib, fuqarolarning xohish–istaklari va imkoniyatlarini o‘rganmoqda.