TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. 5 iyun kuni Pekinda, Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti arafasida, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Xitoyning Eksport-import banki bilan 500 mln. AQSh dollari miqdorida qarz bitimini imzoladi.
Xitoy Eksimbanki ilk bor O‘zmilliybankka hukumat kafolatisiz kredit liniyasini ajratdi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida “2017 – 2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning harakatlar strategiyasi” doirasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, shu jumladan valyuta bozorini erkinlashtirilishi, mamlakatimiz bank tizimiga xorijiy banklar va xalqaro moliya institutlari tomonidan ishonchning oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Yangi kredit liniya O‘zbekistonga yuqori texnologik uskunalarni yetkazib berishga mo‘ljallangan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun, iqtisodiyot tarmoqlari yo‘nalishlari bo‘yicha hech qanday cheklovlarsiz yo‘naltiriladi.
O‘zmilliybank 2004-yildan buyon Xitoy Eksimbanki bilan hamkorlik qilib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida, O‘zbekiston hukumati kafolati ostida olingan Xitoy bankining kredit mablag‘lari xisobidan 1,2 milliard AQSh dollarlik 28 ta yirik loyihalar, sog‘liqni saqlash, ta’lim, telekommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi, energetika, neft va gaz, shuningdek, transport kabi tarmoqlarida, amalga oshirilgan.