TOShKENT, 5-iyun – Sputnik. “Ozarbayjon havo yo‘llari” aviakompaniyasi Bokudan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
“2018 yilning 30-iyunidan “Ozarbayjon havo yo‘llari” (AZAL) Bokudan O‘zbekiston poytaxti Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni tashkil etadi”, - deyiladi xabarda.
Parvozlar haftada bir marta (shanba kunlari), 1-avgustdan boshlab esa haftada ikki marta (chorshanba va shanba kunlari) amalga oshiriladi.
“O‘zbekiston poytaxti – “zumrad bilan bezatilgan” parklar, xiyobonlar, bog‘lar hamda billur ipga tizilgan favvoralardan iborat ulkan megapolis”, - deyiladi xabarga qo‘shimcha ravishda.