Tojikiston bosh muftiysi boks va qoidasiz jangni "harom" deb e’lon qildi

"Ayniqsa, boks va qoidasiz jang diniy nuqtayi-nazardan harom hisoblanadi, nega deganda salomatlikka ziyon yetkazadi, insonni nogiron qilib qo‘yishi mumkin", - degan Abdulqodirzoda
Sputnik

TOShKENT, 4-iyun — Sputnik. Tojikiston bosh muftiysi boks va qoidasiz jang "harom", ya’ni islom nuqtayi-nazaridan ta’qiqlanganligi haqida ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Qirg‘izistonning "Kabar" axborot agentligi.

O‘zbek kurashi - polvonlar emaklamaydi

Xabarda ta’kidlanishicha Tojikiston ulamolar Kengashi boshlig‘i Saidmukarram Abdulqodirzoda Dushanbe shahrida o‘tkazilgan juma namozi vaqtida sportning bu turlari "salomatlikka ziyon yetkazadi", deb aytgan.

"Ayniqsa, boks va qoidasiz jang diniy nuqtayi-nazardan harom hisoblanadi, nega deganda salomatlikka ziyon yetkazadi, insonni nogiron qilib qo‘yishi mumkin", — degan Abdulqodirzoda.

Muftiy, shuningdek, pul tikiladigan o‘yinlar va janglarning barcha turlari harom hisoblanishini qo‘shimcha qilgan. "Vaqtni aql va jism uchun foydasiz, ya’ni behuda sarfalashadi. Bu harom", — deb ta’kidlagan u.

Abdulqodirzodaning fikricha, tojikistonlik yoshlar u tomonidan "normal" deb baholangan sport turlari bilan shug‘ullanishlari lozim. "Masalan kurash, bu ham jisman ham ma’nan insonni rivojlantiradi", — degan u.