TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Oq uy AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha dastlabki muzokaralarni olib bormoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib Wall Street Journal gazetasi xabar qildi.
Tramp ma’muriyatining o‘z nomini oshkor qilishni istamagan vakilining aytishicha, AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Xantsman mazkur uchrashuvni tashkil etishda yordam berish uchun hozirda AQShda bo‘lib turibdi.
Ehtimoliy uchrashuvga tayyorgarlik hozirda ilk bosqichda. Uchrashuv o‘tadigan joy va muddati hozircha belgilanmagan, deb yozadi nashr.
"Putin va Trampning rasmiy uchrashuvini tashkil etish — elchi Xantsmanning loyihasi bo‘lib, loyiha bir necha oydan buyon davom etmoqda", — dedi gazetaning manbalaridan biri.
Avvalroq Rossiya yetakchisining yordamchisi Yuriy Ushakov Rossiya va AQSh prezidentlari uchrashuvi masalasi G20ning noyabrdagi sammitiga qadar ko‘rib chiqilmayotganligini ma’lum qilgandi.