TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. "British Amerikan Tobakko Uzbekistan" O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma korxonasi uzoq tanaffusdan so‘ng Qirg‘iziston va Turkmanistonga sigaret eksport qilishni qayta tikladi.
Samarqand sigaret fabrikasi "Kent" markali mahsulotlarining dastlabki partiyasini Bishkekka jo‘natdi.
"2018 yilning 1-choragida uzoq yillik tanaffusdan so‘ng Qirg‘iziston va Turkmanistonga tamaki mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dastlabki shartnomalar imzolandi. Qozog‘iston, Tojikiston va Mongoliyaga mahsulot yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda. "BAT Uzbekistan" mahsulotlari uchun mazkur bozorlar eksport salohiyati yiliga 15 million dollarni tashkil etadi", — deya ma’lum qildi kompaniya.
O‘zbekistonda "British Amerikan Tobakko" kompaniyasi 1994-yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi va unda mingdan ortiq kishi mehnat qiladi.
O‘zbekistonda sotiladigan sigaretlarning asosiy qismi 1997-yilda barpo etilgan Samarqand sigaret fabrikasida ishlab chiqariladi.
Keyingi o‘n yil davomida korxona tayyor mahsulotlari eksporti nomuntazam va bir martalik tusda bo‘lib kelgandi. O‘tgan yillar davomida asosan O‘zbekistonda yetishtirilgan tamaki xomashosi eksport qilinib kelgan.
O‘zbekistonda so‘nggi ikki yil davomida amalga oshirilayotgan islohotlar eksport bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash imkonini va xomashyo eksportidan tayyor mahsulot eksportiga o‘tish imkonini berdi.