Mirziyoyev: Faqat Prezident yuradigan joyni zo‘r qilib qo‘yish - xalqqa xiyonat

Prezident Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi hamda Chilonzor tumanining Xirmontepa va Tirsakobod mahallalarida bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdi
Sputnik

TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi Xirmontepa mahallasida bo‘lganida yurtimizdagi har bir mahallani obod qilish zarurligini ta’kidladi, deb yozdi O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Komil Allamjonov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Allamjonovning yozishicha, Shavkat Mirziyoyev "Faqat Prezident yuradigan joyni zo‘r qilib qo‘yish — xalqqa xiyonat. Oddiy odamlar yashaydigan qishloq va mahallalarni obod qilish — bu sadoqat", deya ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekiston prezidenti Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi aerodromda amalga oshirilayotgan ishlarning borishi, Toshkent shahrining Maxtumquli va Ohangaron ko‘chalari kesishmasida barpo etiladigan yo‘l o‘tkazgich hamda Ohangaron shossesi bo‘ylab rejalashtirilayotgan yer usti metrosi qurilishi loyihalari bilan tanishdi.

Prezident shuningdek, Toshkent shahrida barpo etilayotgan ko‘pfunksiyali sport majmuasi, Tashkent City biznes markazining qurilishi bilan ham tanishdi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida bunyod etilayotgan yo‘l o‘tkazuvchi ko‘prikni borib ko‘rdi.

Keyin prezident Chilonzor tumanining Xirmontepa va Tirsakobod mahallalarida bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdi.