O‘zbekistonda Volkswagen avtomobillarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda

Hamkorlikning birinchi yo‘nalishi Volkswagen Amarok pikaplarini yig‘ish bo‘ladi.
Sputnik

TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. "O‘zavtosanoat" va Volkswagen O‘zbekistonda nemis konsernining turli brendlariga tegishli bir nechta modellarini ishlab chiqarish imkoniyatini muhokama qilmoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Hozirda Volkswagen tarkibiga Porsche, Audi, Bentley, Bugatti, Lamborghini, Skoda, SEAT, Scania va MAN brendlari kiradi.

“Volkswagen bilan hamkorlikni olti oy ilgari boshladik. Ular tomonidan O‘zbekistonda muqobil ishlab chiqarishni tashkil etishga qiziqish bildirildi. Bu bizning boshqa brendlar ishlab chiqarilishi bo‘yicha manfaatlarimizga mos keldi, chunki biz boshqa brendlarda ham ishlab chiqarishni rivojlantirishni ko‘zda tutganmiz”, - dedi “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Umidjon Salimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikning birinchi yo‘nalishi Volkswagen Amarok pikaplarini yig‘ish bo‘ladi.

"Biz barcha ishlab chiqarish va texnologik qo‘llab-quvvatlash borasida deyarli kelishib oldik. Hozirda mahsulot qiymati masalasi ustida ish olib borilmoqda. Volkswagen arzon mahsulot emas va u o‘rtachadan yuqori narx toifasida turadi”, - dedi Salimov.

Amarok O‘zbekiston uchun juda yaxshi va qiziqarli mahsulot, deb hisoblaydi "O‘zavtosanoat" rahbari, chunki mamlakatda bunday turdagi avtomobillar nafaqat ishlab chiqarilmaydi, balki sotuvda ham deyarli yo‘q.

"Biz Amarok bilan cheklanib qolmaymiz, parallel ravishda Volkswagen kompaniyasining boshqa brendlari haqida ham o‘ylab ko‘ramiz", — ta’kidladi Umidjon Salimov.

Eslatib o‘tamiz, "O‘zavtosanoat" va Volkswagen AG o‘rtasidagi hamkorlikda ishlab chiqarishni tashkil etish haqidagi kelishuv bosh vazir Abdulla Aripovning o‘tgan yil noyabrda Germaniyaga rasmiy tashrifi doirasida imzolangandi.