Prezident poytaxtda quriladigan yangi yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan tanishdi

Hisob-kitoblarga ko‘ra, barpo etiladigan yangi yo‘l Chorvoqqacha bo‘lgan masofani 22 kilometrga qisqartiradi.
Sputnik

TOShKENT, 1-iyun – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Maxtumquli va Ohangaron ko‘chalari kesishmasida quriladigan yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ohangaron shossesi, Parkent va Temur Malik ko‘chalari poytaxtimizning eng serqatnov yo‘llaridan. Toshkent mexanika zavodi hududi orqali Maxtumquli ko‘chasi qurilgach, ushbu yo‘llar chorrahasida transportlar harakati yanada ortdi.

Prezident poytaxtda quriladigan yangi yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan tanishdi

Haydovchilarga qulaylik yaratish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida bu yerda uch qavatli transport bog‘lamasi qurilishi rejalashtirilgan. Ohangaron shossesi va Parkent ko‘chasi yo‘nalishida tunnel, Maxtumquli va Temur Malik ko‘chalari ko‘chalarini bog‘lovchi ko‘prik qurilishi ko‘zda tutilgan.

“Bu transport bog‘lamasini qurishdan maqsad - Chorvoq va Chimon hududini rivojlantirishga zamin yaratapmiz. Hozir faqat Chirchiq shahri orqali o‘tadigan yo‘l bor. Dam olish mavsumida tirband bo‘lib ketadi. Bu yangi yo‘l kelgusida katta yuklamani o‘ziga olib, transportlarning, jumladan, xorijlik sayyohlarning Chorvoq hamda Chimon hududiga tez va oson yetib olishini ta’minlaydi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘prik va tunnelda qatnov olti qatorli bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, barpo etiladigan yangi yo‘l Chorvoqqacha bo‘lgan masofani 22 kilometrga qisqartiradi.

Prezident Ohangaron shossesi bo‘ylab qurilayotgan yer usti xalqa metro liniyasiga doir loyihalar bilan ham tanishdi.