"Iftixor" FK direktori va katta murabbiyi futboldan butunlay chetlatildi

"Iftixor" futbol klubi direktori Ahror Ergashevning klub futbolchilariga nisbatan tajovuzkor xatti-harakatlarni amalga oshirgani haqida matbuotda xabarlar tarqalgan.
Sputnik

TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. "Iftixor" futbol klubi direktori Ahror Ergashev va klub katta murabbiyi Nodir Qo‘ziboyev har qanday futbol faoliyati olib borishdan butunlay chetlatildi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining bayonotida ma’lum qilindi.

Bayonotda bildirilishicha, "Iftixor" futbol klubi direktori Ahror Ergashevning klub futbolchilariga nisbatan tajovuzkor xatti-harakatlarni amalga oshirgani haqida matbuotda xabarlar tarqalgan.

Ma’lum qilinishicha, Ahror Ergashev hamda klub katta murabbiyi Nodir Qo‘ziboyevning ushbu hatti-harakatlari asosida surishtiruv ishlari boshlangan hamda ushbu holat yuzasidan ayni damda tekshiruv davom etmoqda.

"Shaxsan O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonovning topshirig‘iga va Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, "Iftixor" futbol klubi direktori Ahror Ergashev va klub katta murabbiyi Nodir Qo‘ziboyev har qanday futbol faoliyati olib borishdan butunlay chetlatildi", — deyiladi bayonotda.

Umid Ahmadjonov o‘zbek futbolida bunday xunuk holatlar kuzatilmasligi lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

"Hukumat darajasida futbolimizga katta e’tibor qaratilayotgan bir paytda ko‘ngilni xira qiladigan bunday holat yuz berganini aslo yoqlab bo‘lmaydi. Har qanday holatda ham hech bir futbolchiga nisbatan klub rahbariyatining kuch ishlatishga haqqi yo‘q. O‘FA hamda PFL bundan buyon ham o‘z o‘yinchilariga nisbatan bunday behurmatlik qiladigan va ularning huquqlarini poymol etadigan har qanday klub rahbariyati va murabbiylariga nisbatan keskin choralar ko‘radi", — dedi Umid Ahmadjonov.