TOShKENT, 30-may — Sputnik. Toshkentga Eron Islom Respublikasining yo‘llar va shaharsozlik vaziri Abbos Ohundiy boshchiligidagi delegatsiya keldi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturidan hukumatda, Tashqi savdo, Qurilish vazirliklari, “O‘zavtotrans” agentligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazish o‘rin olgan.
Delegatsiya Samarqand va Buxoroda ham bo‘ladi.
Shu kunning o‘zida Toshkentga Eron Islom Respublikasining qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ali Akbar Mehrfard boshchiligidagi delegatsiya ham keldi.
Eron delegatsiyasi agrosanoat kompleksi uchun zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarning “Uzbekistan Agrotech Expo – 2018” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosi hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi va mashinalarining “Uzbekistan Agromash Expo – 2018”
xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasida ishtirok etadi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida uchrashuv va muzokaralar o‘tkazadi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Toshkent viloyatidagi qator xo‘jaliklarda bo‘ladi.