FXX qamoqxonada terrorchi yollashga harakat qilgan fuqarolarni aniqladi

Qamoqxonada bo‘la turib ID safiga terrorchi yollashga uringan Dog‘iston va O‘zbekiston fuqarolari aniqlandi.
Sputnik

TOShKENT, 30-may — Sputnik. Perm o‘lkasida ikki nafar qamoqqa olingan shaxs terrorchilar safiga odam yollashda ayblanmoqda, deb xabar qildi Rossiya FXX matbuot xizmati.

Tergov qo‘mitasi xabariga ko‘ra, terrorchilikda ayblanib 15-yilga qamalgan Dog‘iston  fuqarosi va narkotik moddalar saqlashda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi, qamoqxona ichida ekstremistik guruh tashkil qilishgan.

“Ular qamalganlar orasidan Rossiyada ta’qiqlangan “Al-Qoida” va “Islomiy davlat” terrorchi tashkilotlari safiga odam yollashga, radikal islom oqimini qo‘llab-quvvatlashga uringan, noqonuniy qurollangan guruhlarga qo‘shilishga undagan”, - deyilgan FXX xabarida.

Jinoyatchilarga nisbatan Rossiya JKning 205.2 bandining 1 bo‘limiga muvofiq (Ommaviy shaklda terrorchilikka undash, ommaviy ravishda terrorchilikni oqlash) jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ayni damda tergovchilar dalillar izlash va jinoyatchilarning boshqa noqonuniy ishlarini aniqlash bilan shug‘ullanmoqda.