O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Tojikistonga boradi

2018 yil 31-may – 1-iyun kunlari Dushanbe shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi o‘tkaziladi.
Sputnik

TOShKENT, 29-may — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya 2018-yil 31-may – 1-iyun kunlari Dushanbe shahrida o‘tkaziladigan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etadi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar qildi.

Majlisda MDH doirasida iqtisodiy hamkorlikning dolzarb jihatlarini muhokama qilish, xizmatlarning erkin savdosi istiqbollari va ko‘p tomonlama kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

Majlis yakuniga ko‘ra Hamdo‘stlik hududida ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishni nazarda tutadigan bir qator qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.