O‘zbekistonda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi

Universitetning tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlarni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish kirish test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihon (yozma va suhbat shaklida) o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Sputnik

TOShKENT, 25-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-may kuni Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deb xabar berdi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

Universitet ommaviy axborot vositalari sohasi uchun jurnalist kadrlar, shu jumladan, yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan xalqaro jurnalistlar hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, respublikada mediata’lim tizimini yaratish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, mazkur yo‘nalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

O‘zbekistondagi qator universitetlar o‘rtasida masofaviy ta’lim tizimi yaratildi

Universitetning tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlarni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish kirish test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihon (yozma va suhbat shaklida) o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida "Jurnalistika (faoliyat turlari bo‘yicha)" ta’lim yo‘nalishi va uning negizidagi magistratura mutaxassisliklari, shu jumladan, "Oliy jurnalistika kurslari" bo‘yicha qabul to‘xtatiladi.

Ushbu ta’lim yo‘nalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar o‘qishni bitirgunlariga qadar mazkur oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini davom ettiradilar.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 1500 dan ziyod ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning barchasiga yuqori malakali kadrlar zarur. Biroq mamlakatda bunday keng ko‘lamli vazifani hal etadigan tayanch oliy ta’lim muassasasi mavjud emasdi.