Butun dunyo yosh yetakchilari O‘zbekistonda to‘planadi

Yosh liderlar konferensiyasining maqsadi malakali va ulkan salohiyatli yoshlarga mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi dolzarb mavzularda fikr almashishga zamin yaratish, shuningdek, turli mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdan iborat.
Sputnik

TOShKENT, 24-may — Sputnik. Joriy yilning 27-31 may kunlari Toshkentda ilk bor Yosh liderlar xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. XVII Yosh liderlar konferensiyasida Avstriya, Argentina, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Gretsiya, Xitoy, Niderlandiya, Rossiya, Serbiya, AQSh, O‘zbekiston, Fransiya, Estoniyadan qariyb 40 nafar vakil ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda "Jahon" AA xabar berdi.

Forum Germaniyaning "Global Bridges e.V." ijtimoiy tashkiloti va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi hamda GFRning Toshkentdagi elchixonasi ko‘magida o‘tkaziladi.

Tadbir dasturiga ko‘ra, ishtirokchilar xalqaro va mintaqaviy siyosat, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti, uning yetakchi davlatlar bilan o‘zaro munosabatlari va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi roliga oid dolzarb mavzularda fikr almashishadi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilarining O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Tarix instituti rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazishi ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, konferensiya doirasida Samarqand shahriga safar uyushtirish, uning diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishish, shuningdek, "MAN Auto Uzbekistan" O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasiga borish ham rejalashtirilgan.

Yosh liderlar konferensiyasining maqsadi malakali va ulkan salohiyatli yoshlarga mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi dolzarb mavzularda fikr almashishga zamin yaratish, shuningdek, turli mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdan iborat.

Samarqandda Markaziy Osiyo yoshlari forumi o‘tkaziladi

"Global Bridges e.V." 1973-yili Berlinda tashkil etilgan mustaqil notijorat tashkilotdir. Uning faoliyati tijorat tuzilmalari homiylik badallari hisobiga moliyalashtiriladi. Germaniya, AQSh, Hitoy va boshqa davlatlarning yetakchi ta’lim va tadqiqot markazlari mazkur tashkilotning hamkorlari sanaladi. 400 dan ziyod turli sohalardagi tashkilotlar "Global Bridges e.V." ga a’zodir.

Tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari siyosat, iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va ommaviy axborot vositalari sohalaridan 25 dan 35 yoshgacha bo‘lgan salohiyatli yosh liderlar o‘rtasida aloqalarni shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan turli konferensiya va forumlar, simpozium, uchrashuv hamda tanishuv safarlarini tashkil etishdan iborat.

Tashkilot ijrochi raisi Beate Lindemannning fikricha, konferensiyani o‘tkazish joyini tanlash tasodifiy bo‘lmadi. O‘zbekistonning mintaqada muhim o‘rin egallashi, xalqining boy madaniy va tarixiy merosi hamda mamlakatda turli jabhalarda yuz berayotgan keng ko‘lamli islohotlar bunday qarorga kelishga xizmat qildi.

— O‘zbekistonning yosh va serg‘ayrat prezidenti rahbarligida mamlakatda yoshlar siyosati faol olib borilayotgani biz uchun hayratlanarlidir. Toshkent yosh liderlar konferensiyasi O‘zbekiston uchun Yevropa, Osiyo va Amerikaning yosh yetakchilarini birlashtiruvchi xalqaro tarmoqqa kirish chiptasi bo‘lib xizmat qiladi. Umid qilamizki, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan mazkur tadbir o‘zbekistonlik hamkorlar bilan mustahkam va uzoq muddatli o‘zaro hamkorlik qilishga barqaror poydevor yaratadi, — dedi Lindemann.