TOShKENT, 24-may — Sputnik. 23-24 may kunlari Toshkent shahrida YuNESKO Xalqaro tashkiloti va Kasb-hunar ta’limi markazi hamkorligida "Ta’lim — 2030" dasturi doirasida xalqaro anjuman o‘tkazildi.
YuNESKO rahbariyati tomonidan ilgari surilgan "Ta’lim — 2030" dasturining tarkibiy qismi bo‘lgan "Kasb-hunar hamda texnik ta’lim va o‘qitish" yo‘nalishidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham yoshlarga butun umr davomida sifatli ta’lim olish imkoniyatini yaratish va ularning bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikka keng jalb etishdan iborat.
O‘z navbatida anjumanda qatnashayotgan Yevropa, Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi davlatlar vakillari bilan birga O‘zbekistonda amalga oshirilayogan mazkur yo‘nalishdagi islohotlar istiqbollari va galdagi vazifalar muhokama etildi.
Shuningdek, anjumanda butun umr davomida ta’lim olishni takomillashtirishning istiqbollari Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi alohida davlatlarda (misol uchun, Eron, Hindiston, Qirg‘iziston, Malayziya, Qatar, Koreya Respublikasi, Shri-Lanki, Tailand va Vyetnam) o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bu jarayonda Kasb-hunar ta’limi markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston kollej bitiruvchilarini munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish borasidagi Xalqaro tajriba, uni O‘zbekistonda joriy etish istiqbollari ham kun tartibidagi eng dolzarb vazifa sifatida qaralmoqda.