TOShKENT, 23-may — Sputnik. Nyu-York shtatining Sirakyus shahridan bo‘lgan 30 yashar Maykl Rotondoning ota-onasi uyidan ko‘chib chiqib ketmagani uchun o‘z o‘g‘illarini sudga berishdi va ishda yutishdi, deb xabar qilmoqda ABC7 kanali.
Ota-onasining so‘zlariga ko‘ra, u bir nechta ogohlantirishlardan keyin ham uydan ko‘chib chiqishdan bosh tortgan. O‘g‘ilning aytishicha, qonun nuqtayi-nazaridan unga yetarlicha vaqt berilmagan.
Rotondoga ota-onasi hatto u boshpana topishi uchun pul ham taklif etishgan (1100 dollar). Ammo o‘g‘il ularni "kam deb topib" olmagan.
Ota-onaning ta’kidlashicha, Rotondo oila budjetiga daromad keltirmagan va hatto uy ishlarida yordam berishdan bosh tortib kelgan.
Erkak sakkiz yil oldin ishidan mahrum bo‘lgan va o‘sha vaqtdan buyon ota-onasi bilan yashab keladi. Rotondoning aytishicha, uning internet-saytlar bilan bog‘liq biznesi bor, ammo bu borada u tafsilotlarni hech kimga aytmaydi.
Syracuse.com portalida yozilishicha, ishni ko‘rish davomida sudya Rotondodan "sud qaroriga qarshi chiqishga sarflagan vaqtingizni yangi kvartira izlashga sarflash to‘g‘risida hech o‘ylab ko‘rmaganmisiz?", — degan savol bilan murojaat etgan.