O‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan maktab-internat direktori ishdan bo‘shatildi

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi huzuridagi Komissiya maktab-internati jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan voqeani muhokama qilgan hamda o‘qituvchilardan o‘z vazifalariga kirmaydigan ishlarni bajarishni talab qilish ularning kafolatlangan mehnat huquqlarining buzilishiga olib kelishi haqida ogohlantirgan.
Sputnik

TOShKENT, 23-may — Sputnik. Samarqand shahridagi 62-maktab-internati direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi huzuridagi O‘qituvchilarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash hamda majburiy mehnatga jalb etishga qarshi kurashish bo‘yicha komissiyasi tomonidan Samarqand shahridagi 62-sonli maxsus maktab-internati direktori tomonidan pedagoglarini obodonlashtirish, ko‘cha tozalash ishlariga jalb qilingani haqidagi xabar o‘rganilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, mazkur maktab-internati direktori muassasa hovlisida ishchi-xodimlar ishtirokida obodonlashtirish ishlarini tashkil qilganligi aniqlandi. Biroq maktab rahbari obodonlashtirish ishlarini noto‘g‘ri targ‘ib qilgan, pedagog jamoada norozilik kayfiyatini uyg‘otgan va muassasada sog‘lom muhitni o‘rnatolmagan.

Komissiya tavsiyasi ko‘ra maktab-internati direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.