TOShKENT, 22-may — Sputnik.Mening fikrim jamoaviy murojaatlar portaliga joylashtirilgan transport vositalari oynalarini qoraytirishga ruxsat berilishi taklif etilgan petitsiya 9400dan ortiq ovoz to‘pladi.
Petitsiya muallifi Artur Tajiyev buni O‘zbekiston iqlimi issiq ekanligi, pardalar ham taqiqlangani sababli orqa o‘rindagi bolalar jazirama va oftob urishidan aziyat chekishi mumkinligi bilan izohlagan.
U davlat budjetiga tushumlarni ko‘paytirish uchun avtomobilning oldi oynasini pulli asosda 70%ga qoraytirishga ruxsat berish va bunday mashinalarni ichki ishlar organlarida ro‘yxatga qo‘yishni taklif etgan.
Ushbu taklifga qarshilarning ham, yoqlaganlarning ham izohlarini ko‘rish mumkin.
"Yurtimiz serquyosh o‘lka bo‘lganligi sabab bizga kerak. Xavfli degan fikrlardan juda uzoqdaman, sababi rivojlangan davlatlarga nazar solsak, deyarli barcha davlatlarda ruxsat bor va tekin”, - deb yozadi Muhammadusuf Samiyev.
"Oynalarni qoraytirishga umuman ruxsat berish kerak emas. Bu ortiqcha tashvish va muammolarni keltirib chiqaradi. Iqlim issiq bo‘lgani bilan oyna qoraytirilishi avtomashina salonini sovutmaydi. Uni konditsioner sovutadi. Konditsioner deyarli hammada bor. Mening fikrim shu”, - deydi O‘tkir Aslonov.
Petitsiya agar 10 mingta ovoz to‘plasa, Oliy Majlis muhokamasiga o‘tkaziladi.