O‘zbekiston Ukraina bilan birgalikda iqtisodiy forum o‘tkazadi

Forum doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar, xususan to‘qimachilik, poyabzal-charm, elektr texnika, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish mahsulotlari, kimyo va neft-kimyo mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etiladi
Sputnik

TOShKENT, 21-may — Sputnik. O‘zbekistonning Ukrainadagi diplomatik vakolatxonasi tashabbusi bilan 2018-yilning 6-iyun kuni Kiyev shahrida "O‘zbekiston va Ukraina: iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari" mavzusida O‘zbekiston-Ukraina iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tadi, deb xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot-xizmati.

"Forum doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar, xususan to‘qimachilik, poyabzal-charm, elektr texnika, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish mahsulotlari, kimyo va neft-kimyo mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etiladi", — deyiladi xabarda.

Aytilishicha, forumda ishtirok etish uchun ikki mamlakat biznes vakillari va O‘zbekistonning Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlari hokimliklari rahbarlari, Ukrainaning Lvov, Zaporojye, Xarkov, Sumi, Xerson va Kiyev viloyatlari ma’muriyatlari rahbarlari taklif qilinadi.

O‘zbekiston-Ukraina iqtisodiy forumi ishida ishtirok etishni istaganlar, TIV saytida ko‘rsatilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari yoki embassy@uzbekistan.org.ua elektron manziliga maktub yo‘llashlari mumkin.