Tramp: KXDR rahbarining boshiga Kaddafiyning kuni tushishi mumkin

Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp NATO bosh kotibi Yens Stoltonberg bilan uchrashuvi oldidan berilgan savollarga javobida aytdi
Sputnik

TOShKENT, 18-may — Sputnik. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Liviyaning sobiq diktatori Muammar Kaddafiy taqdirini takrorlamaslik uchun rivojlanishning Janubiy Koreyacha yo‘lini tanlashi lozim. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp NATO bosh kotibi Yens Stoltonberg bilan uchrashuvi oldidan berilgan savollarga javobida aytdi, deb yozadi "Vedomosti". Savol-javoblar stenogrammasi Oq uy saytida chop etildi.

KXDR Janubiy Koreya bilan 16-mayga belgilangan uchrashuvni bekor qildi

"Biz bu davlatni yo‘q qildik. Biz Kaddafiyga hech qachon: "O, biz sizlarni himoya qilmoqchimiz. Sizlarga harbiy qudrat bermoqchimiz. Sizlarga bularning barini bermoqchimiz" demaganmiz. Biz kirib keldik va uni yo‘q qildik", — dedi Tramp 2011-yilda halok bo‘lgan Kaddafiy haqida.

"Va Iroq bilan ham xuddi shunday qildik", — deb qo‘shib qo‘ydi u.

Endi "agarda kelisha olmasak (KXDR rahbari bilan), bu model takrorlanishi mumkin. Agarda kelisha olsak, menimcha, Kim Chen In juda-juda baxtli bo‘ladi. U judayam baxtli bo‘lishiga chindan ham ishonaman", — dedi Tramp.

Shu bilan birga Tramp Yaqin Sharq kampaniyasi Amerika budjetini yetti trillion dollarga kamaytirganini bildirdi.

Shimoliy Koreya haqida fikr bildirarkan, AQSh prezidenti Vashington Pxenyandan Tramp va Kim Chen Inning 12-iyunga mo‘ljallangan uchrashuvi bekor qilingani haqida hech qanday rasmiy xabar olmaganini aytdi.