Amazon O‘zbekiston bozoriga kirishga tayyorlanmoqda

Bundan tashqari, O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish hamda o‘zbek ishbilarmonlarini global savdo platformalari va elektron to‘lov tizimlariga olib chiqish borasida "yo‘l xaritalari"ni tayyorlash mo‘ljallanmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 18-may — Sputnik. Jahondagi eng yirik onlayn-riteylerlardan biri — Amerikaning Amazon korporatsiyasi O‘zbekiston bozoriga kirishga tayyorlanmoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Bu O‘zbekiston prezidentining AQShga tashrifi natijalari bo‘yicha ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida safar qilgan tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari haqida o‘z fikrlarini aytdi.

O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha taklif tayyorlanmoqda

"Bu kompaniya ilk marta bizning bozorimizga qiziqish bildirmoqda. Bu orada hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ma’lum bir jarayonga o‘tdik. Hozirda Amazon rahbariyati bilan muzokara olib borilmoqda va O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘yicha birgalikda "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishni ko‘zda tutuvchi memorandumlar loyihalari tayyorlanmoqda", — dedi Xo‘jayev.

Bundan tashqari, vazirlik O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish hamda o‘zbek ishbilarmonlarini global savdo platformalari va elektron to‘lov tizimlariga olib chiqish borasida "yo‘l xaritalari"ni tayyorlashni mo‘ljallamoqda. Ushbu maqsadda tashrif davomida O‘zbekistonda elektron savdoni rivojlantirishga yordam berishi ko‘zda tutilgan Openbucks Corp internet-to‘lov kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi.

O‘zbekiston mahsulotlarining AQSh bozoriga uzluksiz kirishini ta’minlash uchun WCC International kompaniyasi bilan o‘zbek to‘qimachilik va boshqa mahsulotlarini sertifikatlash bo‘yicha loyihani amalga oshirishga doir kelishuvga erishildi. Shuningdek, hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv doirasida respublikada organik paxta yetishtirish bo‘yicha xalqaro dasturni joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi tovar almashish hajmi 210,2 million dollarni tashkil etdi.