Taniqli o‘zbek sportchilari Toshkentda masjid qurishmoqchi

Nargiza Vahobxo‘jayeva boshchiligidagi sportchilarning poytaxtdagi “Islom ota”, “Xo‘ja Alambardor”, “Shayx Zayniddin” kabi jome’ masjidlari tozaligi va obodligiga hissa qo‘shib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 17-may – Sputnik. Turon yakka kurashi bo‘yicha xalqaro turnirlar g‘olibi Nargiza Vahobxo‘jayeva, futbol bo‘yicha milliy terma jamoa a’zosi Odil Ahmedov va boshqa qator sportchilar bilan birgalikda Toshkent shahrida masjid qurishmoqchi.

Uz24.uzning yozishicha, ular bu haqda Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov raisligidagi fuqarolar qabuli davomida bildirishgan.

“Sh.Turdiqulov sportchilarning ushbu tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi va Sergeli tumanida aholi ko‘payib borayotgani va u yerda tashkil etilayotgan yangi mahallalarda masjidga ehtiyoj borligini aytdi. Nargizaga tuman hokimligiga arxitektura qog‘ozlari bilan murojaat qilish kerakligi borasida tushuncha berdi”, — deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishicha, muloqot davomida Nargiza Vahobxo‘jayeva boshchiligidagi sportchilarning poytaxtdagi “Islom ota”, “Xo‘ja Alambardor”, “Shayx Zayniddin” kabi jome’ masjidlari tozaligi va obodligiga hissa qo‘shib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ular haj ziyoratiga ketayotgan yurtdoshlarga ham ko‘maklashib kelayotgan ekan.