Milliy bank va AQSh Eksimbanki o‘rtasida hamkorlik tiklandi

Hujjat AQShdan O‘zbekistonga yuqori texnologik jihozlarni yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi yirik davlat kompaniyalari hamda kichik va xususiy biznes loyihalarini moliyalashtirish imkonini beradi.
Sputnik

TOShKENT, 17-may — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki va AQShning Eksport-import banki 100 million dollar miqdoridagi o‘zaro anglashuv Memorandumini imzoladi. Bu haqda Milliy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat 16-may kuni Vashingtonda, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi doirasida imzolandi.

Memorandumda savdoni moliyalashtirish hamda AQShdan O‘zbekistonga mahsulot va xizmatlar eksportini moliyalashtirish uchun o‘rta va uzoq muddatli kreditlar taqdim etish bo‘yicha Eksimbank bilan hamkorlikni tiklash ko‘zda tutilgan.

Hujjat shuningdek, AQShdan O‘zbekistonga yuqori texnologik jihozlarni yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi yirik davlat kompaniyalari hamda kichik va xususiy biznes loyihalarini moliyalashtirish imkonini beradi.