Buxoroda "Knauf" gipskarton listlarini ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi

Keyingi bosqichda “Knauf” kompaniyasi O‘zbekistonda gips asosida quruq qurilish qorishmalarini ishlab chiqarish hajmini oshirishni rejalashtirmoqda.
Sputnik

 

TOShKENT, 16-may – Sputnik. Buxoro viloyatidagi “Knauf Gips Buxoro” korxonasida yuqori sifatli gipskarton, ya’ni KNAUF-listlarini ishlab chiqarish liniyasi ishga tushdi. Bu haqda “Jahon” AA xabar bermoqda.

Liniyani ishga tushirish jarayonida Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlari kengashi hamraisi, “Knauf Gips KG” kompaniyasi ijrochi direktori M.Grundke boshchiligidagi Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi.

“Knauf Gips Buxoro” bosh direktori Dmitriy Deripalkoning aytishicha, gipskarton listlarini ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va kengaytirish loyihasining umumiy qiymati 16 million yevroni tashkil etdi. Endilikda ishlab chiqarish liniyasining quvvati 30 foizga oshadi. Kelgusida yiliga 32 million kv.m dan ortiq hajmda KNAUF-listlari ishlab chiqariladi.

Keyingi bosqichda “Knauf” kompaniyasi O‘zbekistonda gips asosida quruq qurilish qorishmalarini ishlab chiqarish hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. Yangi ishlab chiqarish liniyasi “Knauf Gips Buxoro” joylashgan hududda quriladi. Ana shunda quruq qurilish qorishmalari ishlab chiqarish bo‘yicha “Knauf” ning ishlab chiqarish quvvati ikki barobarga oshadi.

O‘zbekistonga germaniyalik biznesmenlardan iborat katta delegatsiya keladi

Uchrashuv doirasida germaniyalik tadbirkorlar uchun O‘zbekistonning qurilish sanoatidagi investitsiyaviy imkoniyati va loyihalarning amalga oshirilishi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Unda O‘zbekistonda 300 dan ortiq qurilish materiallarini, marmar, granit, gabbro, kaolin, vollostanit, kvars qumi, vermikulit, ohak kabi mahsulotlarning katta hajmdagi zahiralari mavjudligi, xom ashyo mahsulotlari va energiya tashuvchilar tannarxining arzonligi qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun rag‘batlantiruvchi omil ekanligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga Germaniya kompaniya va banklarining 70dan ortiq vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibidan Siemens, MAN, BASF, TUI Group, SAP, Deutsche Bank va Commerzbank hamda O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqqan kichik va o‘rta biznes korxonalari vakillari o‘rin olgan.