Turkiya Isroil elchisiga mamlakatdan chiqib ketishni taklif qildi

Turkiya prezidenti Toyip Erdo‘g‘on Isroilning G‘azo mintaqasidagi harakatlarini genotsid deb atadi.
Sputnik

TOShKENT, 15-may — Sputnik. Anqara Isroil elchisiga uning mamlakatdan chiqib ketishini istayotganini bildirdi, dedi RIA Novostiga Turkiya TIV vakili.

Avvalroq uning tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgani va unga Turkiyaning Tel-Avivdagi elchisi maslahatlashuvlar uchun chaqirib olingani aytilgani xabar qilingandi.

Isroil bilan musulmon mamlakatlarning munosabatlari G‘azo mintaqasidagi vaziyat sababli yomonlashmoqda. Nizoning keskinlashishiga AQSh elchixonasining Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirilishi sabab bo‘ldi.

Saudiya Arabistoni AQSh elchixonasining Quddusga ko‘chirilishini tan olmaydi

Isroil askarlari elchixona ko‘chirilishiga qarshi o‘tkazilayotgan norozilik namoyishi qatnashchilariga qarata o‘q uzmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, to‘qnashuvlarda 61 falastinlik halok bo‘lgan, 2,7 mingdan ortiq kishi yaralangan.

Turkiya prezidenti Toyip Erdo‘g‘on Isroilning G‘azo mintaqasidagi harakatlarini genotsid deb atadi. U Turkiyada uch kunlik motam e’lon qildi va AQSh hamda Isroildagi elchilarini maslahatlashuv uchun chaqirib oldi.

Bundan tashqari, Anqara Istanbulda Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirdi. Uchrashuv juma kuni bo‘lib o‘tadi.

Seshanba kuni G‘azo mintaqasidagi vaziyatni BMT Xavfsizlik kengashi muhokama qiladi.