Milliy bank Xitoy korporatsiyasi bilan 400 mln dollarlik bitim imzoladi

SINOSURE Xitoy kompaniyalari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, O‘zmilliybank orqali moliyalashtirilayotgan loyihalarga sug‘urta qo‘llab-quvvatlovini ko‘rsatadi.
Sputnik

TOShKENT, 15-may — Sputnik. Bugun 15-may kuni Toshkentda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Xitoyning "SINOSURE" eksport va kreditni sug‘urtalash korporatsiyasi o‘rtasida umumiy qiymati 400 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan hamkorlik bo‘yicha hadli bitim imzolandi. Bu haqda Milliy bank matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistondagi Xitoy elchisi "Bir kamar, bir yo‘l" loyihasi istiqbollari haqida gapirdi

Mazkur bitim SINOSURE tomonidan yengil-sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, jumladan, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalar uchun Xitoyda ishlab chiqarilgan yuqori texnologik uskunalarni yetkazib berish shartnomalari bo‘yicha sug‘urta qoplamalarini taqdim etishni nazarda tutadi.

SINOSURE Xitoy kompaniyalari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, O‘zmilliybank orqali moliyalashtirilayotgan loyihalarga sug‘urta qo‘llab-quvvatlovini ko‘rsatadi.

SINOSURE sug‘urta qoplamasining mavjudligi ushbu ta’minotlarni XXR moliyaviy tashkilotlari hamda boshqa xorijiy banklar mablag‘lari hisobiga moliyalash imkonini beradi. Bundan tashqari, bu kredit oluvchilar uchun foiz yuklamalarini kamaytirishga imkon beradi.

China Export & Credit Insurance Corporation (SINOSURE) — XXR davlat sug‘urta kompaniyasi bo‘lib, 2001-yilda tashkil etilgan. Sinosurening maqsadi eksport kreditlari va investitsiyalarini sug‘urtalash orqali Xitoy mahsulotlari eksporti hamda Xitoy kompaniyalari investitsiyalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.