TOShKENT, 15-may — Sputnik, Kseniya Nabatkina. Agarda Janubiy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi demilitarizatsiya zonasidagi Tinchlik bog‘ida o‘rnatilgan ko‘rsatkichga ishonadigan bo‘lsak, bu nuqtadan O‘zbekistongacha bo‘lgan masofa 4862 kilometrni tashkil etadi. Ammo Seulda shunday joylar borki, u yerlarda bo‘lsangiz Toshkent yoki Samarqand anchagina yaqindek tuyuladi.
Paxta go‘zallik uchun
Janubiy Koreya kosmetika ishqibozlari uchun judayam ommabop davlat: bu yerda yuzlar uchun ko‘plab turdagi niqoblar, kremlar va boshqa narsalarni topish mumkin. Ko‘pincha bu pardoz vositalari mushukcha, ayiqcha yoki yana boshqa jonivorlar surati tushirilgan idishlarga qadoqlangan bo‘ladi. Ammo ayrim idishlarda jonivorlar emas, balki o‘zbekistonliklarga yaxshi tanish bo‘lgan oppoq bo‘lib ochilib turgan paxta chanog‘i tasvirlangan.
Paxta ekstrakti yoki paxta moyi asosida tayyorlangan kosmetika vositalari nafaqat Koreyada, balki boshqa davlatlarda ham anchagina ommalashgan — zamonaviy tibbiyot va kosmetologiya paxta moyining foydasini allaqachon tan olgan. Paxta moyi tarkibida sochlar va teriga faol ta’sir ko‘rsatadigan to‘yinmagan yog‘ kislotalari mavjud: miristin kislotasi kosmetika vositalarining teriga yaxshi singishiga yordam beradi, raxin kislotasi — shamollashga qarshi samarali vosita, palmitin kislotasi terini yoshartiradi, linol kislotasi teridagi suv muvozanatini saqlab turadi va uni ultrabinafsha nurlaridan himoya qiladi.
Krem va niqoblar tarkibidagi paxta moyi teri tuzilishini yaxshilaydi, uning himoyaviy xususiyatlarini oshiradi, deb ta’kidlashadi ishlab chiqaruvchilar.
Tarkibida paxta ekstrakti bo‘lgan kosmetika vositalari mayinlik baxsh etadi, terini yumshatadi va tekislaydi.
Seulda paxta chanoqlarini krem bankalarida emas, Janubiy Koreyada ommabop bo‘lgan sun’iy yoki quritilgan gullardan iborat guldastalar ichida ham uchratish mumkin.
O‘zbeklarning Ipak yo‘lidagi izlari
O‘zbekiston bilan bog‘liq eslatmalarni Seuldagi kosmetika do‘konlaridan tashqari Koreya Milliy muzeyida ham uchratish mumkin. Muzeyning 12 mingdan ortiq eksponatlari orasida Markaziy Osiyoga bevosita taalluqlilarini topish mumkin. Uchinchi qavatda dengiz va quruqlik orqali o‘tgan Ipak yo‘liga bag‘ishlangan zallar bor. Bu zallarda asosan Sharqiy Turkiston — Markaziy Osiyoning hozirda Xitoy tarkibida bo‘lgan turkiy xalqlari yashaydigan hududiga oid eksponatlar joy olgan.
Muzey zallarida shuningdek, Qozog‘iston va Turkmanistondan keltirilgan eksponatlaryi ham uchratish mumkin.
Darvoqe, Koreya Milliy muzeyi — Osiyodagi eng ko‘p odam tashrif buyuradigan muzey. U yiliga 3 milliondan ortiq mehmonlarni qabul qiladi. Maydoni bo‘yicha u jahondagi oltita eng yirik muzey qatoriga kiradi — muzey maydoni 137 201 kvadrat metr. Seuldagi aksariyat muzeylarda bo‘lgani kabi unga kirish bepul.
Seuldan Samarqandga bir lahzaada
Seulni tark etmasdan o‘zingizni haqiqatan ham O‘zbekistondagidek his qilishingiz uchun esa "ruslar ko‘chasi" deb nomlanadigan ko‘chaga kelishingiz kifoya. Dongdaemun History & Culture Park metro stansiyasi yaqinida joylashgan bu ko‘chada rus tilida yozilgan ko‘plab ko‘plab peshlavhalarga ko‘zingiz tushadi.
Peshoynalarda O‘zbekiston, Tojikiston, Ukraina va MDHning boshqa davlatlari bayroqlari tushirilgan suratlarni ko‘rish mumkin. Bu esa ushbu magazinlarda o‘z tilingda so‘zlashadigan sotuvchilar ishlashidan dalolat beradi.
"Ruslar ko‘chasi"da vatandoshlarni uchratishdan tashqari, ovqatlanish ham mumkin: bu yerda ko‘plab restoran va qahvaxonalar joylashgan. StarSamarkand restorani Seulda 2003-yildan beri ishlaydi, hozir uning ko‘chaning turli qismlarida joylashgan to‘rtta zali bor.
"Ichkarida qaynoq nonlar bor", deb o‘ziga chorlaydi asosiy zal eshigiga ilingan ko‘rsatkich, ichkarida esa darhaqiqat, katta-katta, issiq va shirin is taratayotgan nonlarga ko‘zingiz tushadi. O‘zingizni go‘yoki bir soniya ichida Seuldan Samarqandga tushib qolgandek his qilasiz: devorlarni milliy taomlar suratlari, choponlar va milliy cholg‘u asboblari bezatib turibdi, stollardagi palov va lag‘mon hidi odamning ishtahasini ochadi, tashrif buyuruvchilar o‘zbek piyolalarida choy ichishmoqda.
Kassa tepasiga barcha mahsulotlar halol standartiga javob berishi haqidagi sertifikat ilib qo‘yilgan, kassa apparati oldida esa restoran egasining o‘g‘li, hozirda boshqaruvchi vazifasini bajarayotgan Shohniyoz Amonov o‘tiribdi.
"Dadam Koreyada ishlagan va bu yerda o‘zbeklar ko‘pligi, ammo milliy oshxona yo‘qligiga e’tibor bergan. O‘shanda restoran ochishga qaror qilgan", — deydi Shohniyoz.
Uning aytishicha, tashrif buyuruvchilarning asosiy qismi Seulda doimiy yashaydigan yoki ishlagani kelgan o‘zbeklar va MDH mamlakatlari vakillaridir. Ammo koreyslar ham kirib turishadi.
Menyuda samarqandcha palov ham, tandir somsa ham, lag‘mon ham bor. Mahsulotlarni Koreyaning o‘zidan sotib olishadi, ammo ziravorlarni O‘zbekistondan keltirishadi.
"Ziravorlardan kamroq foydalanishga harakat qilamiz, chunki koreyslar zirani xushlashmaydi. Zira qo‘shilmagan shashlik tayyorlab ko‘rdik. Biznikilarga yoqmadi, ammo koreyslar juda mazali deb aytishdi", — jilmayadi Amonov.
Restoranda shu yerliklarga turmushga chiqqan o‘zbekistonlik ayollar ishlaydi. Xodimlar orasida koreys fuqarosi ham bor.
"Sekin-sekin o‘rganyapti. Uni tandir oldida ko‘rmabsiz — o‘zbekdan farqi yo‘q", — deb kuladi restoran boshqaruvchisi.
Amonovning aytishicha, bu ikki xalq orasida qandaydir umumiylik bor, masalan, o‘zidan kattalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish o‘zbeklarga ham, koreyslarga ham xos xususiyat.
O‘zbeklar bayramlarida, masalan, Navro‘z yoki Mustaqillik kunida StarSamarkand tush paytida ochiladi — ungacha esa ertalabdan o‘zbekistonliklar bu yerda to‘planishadi va bepul palovdan bahramand bo‘lishadi, birgalikda bayramni nishonlashadi.
"O‘zbekistonda bir yilda bir-ikki marta bo‘laman. U yerdagi barcha yangiliklardan xabardor bo‘lishga harakat qilamiz. Hozirda xalq uchun juda ko‘p yaxshi ishlar amalga oshirilmoqda, shuning uchun vatandan chiqib ketganlar u yerga qaytishni, investitsiya kiritishni mo‘ljallashmoqda. Baribir biz o‘zbekmiz, bu yerda emas, o‘z vatanimizda bo‘lishimiz kerak", — deb ta’kidlaydi Shohniyoz.
Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya O‘zbekistonning turi sohalar: turizm, ta’lim, biznesdagi azaliy hamkorlaridan biri. Keyingi yillarda bu mamlakat O‘zbekiston iqtisodiyotiga o‘nlab milliard dollar sarmoya kiritdi.