TOShKENT, 13-may — Sputnik, Dilshodbek Asqarov. "Sapsan Arena"ga yetib kelganimda soat hali 9 ham bo‘lmagandi. Bugun bu yerda futbol bo‘yicha Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati o‘yinlari doirasida guruh bosqichida o‘tgan yili chempion bo‘lgan pokistonliklar bilan durang o‘ynab, mezbon Rossiya terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratgan o‘zbekistonliklar Nepal termasiga qarshi chorak final o‘yinida maydonga tushadi.
O‘yinlar soat o‘nda boshlanar ekan. Anchagina erta kelibman deb o‘ylab turgandim, yo‘q, birin-ketin barcha jamoalar birin-ketin kela boshladi.
Ularning kelishini kuzatib turdim. Endigina 14dan o‘tgan, eng kattasi 17ga kirayotgan o‘g‘il-qizlar. Barchasining yuz-ko‘zlarida beg‘uborlik, soflik ufurib turibdi. Bir chetga uyib qo‘yilgan qordan olib (mayning o‘rtasida 25 daraja issiqda qor ko‘raman deb o‘ylamagandim) bir-birlariga uloqtirayotgan, dunyo tashvishlaridan xoli bolalarni ko‘rib bir haqiqatni his qilasan: irqidan, millati, rangidan qat’i nazar, dunyoda barcha bolalar bir xil. Bugungi notinch dunyoni asrashni ularga topshirging keladi beixtiyor.
Ana shu o‘ylar bilan bo‘lajak yulduzlar ortidan maydonga kirib boraman. To‘rtga bo‘lingan maydondan O‘zbekiston terma jamoasi yigitchalarini qidiraman. Ko‘zim maydon o‘rtasida o‘tirgan yigitchalarga tushadi. yuzlari issiq, qiyofalari tanishdek go‘yo. Ular oldiga boraman. Ha, adashmabman. O‘zbekistonlik futbolchilar ekan. Barchalari bilan eski tanishlardek so‘rashib chiqqach, kechagi o‘yinlar haqidagi fikrlarini so‘rayman.
O‘zini Danil Shaplov deb tanishtirgan, ko‘rinishidan gapga usta yigitchaning aytishiga qaraganda, u besh yildan beri futbol bilan shug‘ullanadi. Pokiston bilan kechagi o‘yin qiyin kechgan. Rossiya terma jamoasi bilan o‘yinda esa o‘zlarining nimalarga qodirligini namoyish etishgan.
"Paulo Dibalaga havas qilaman. Kelajakda yetuk futbolchi bo‘lib O‘zbekiston sharafini himoya qilishni orzu qilaman", — deydi u.
O‘yin boshlanishiga yarim soat qolgan bo‘lsada ularning maydonda bemalol o‘tirgancha boshqa jamoalar o‘yinlarini kuzatishlari meni xavotirga soladi. "Turib, sal qizib olishmaydimi, mashq qilish kerak-ku, g‘alaba qozonish niyatlari bormikin o‘zi", o‘ylayman.
Yo‘q, xavotirlarim noo‘rin bo‘lib chiqdi. O‘yin boshlanishiga yigirma daqiqacha qolganida barchalari maydonda chigilozdi mashqlarini boshlab yuborishdi. Hozirgina ko‘zimga yosh bolalardek ko‘ringan yigitchalar endi haqiqiy futbolchilardek ko‘rina boshladi ko‘zimga.
Nihoyat, hayajonli daqiqalar boshlandi. Hakam hushtagi chalinishi bilan nepallik futbolchilar jon-jahdlari bilan hujumga tashlanishdi. Goh u, goh bu darvoza oldida xavfli vaziyatlar bo‘lib turdi. O‘zbekistonliklarning bir nechta xavfli zarbalarini Nepal darvozaboni xuddi mushukdek sakrab qaytarib qoldi. Nihoyat 1-taym o‘rtalarida burchak zarbasidan so‘ng Ruslan Kotov hmsobni ochdi. Ammo gol o‘tkazib yuborgan nepalliklar tinimsiz hujumlar evaziga burchak zarbasi ishlab olishdi va hisobni tenglashtirishdi. Shuni ham aytish joizki, Nepaldan kelganlar orasida bir ayol nog‘ora chalib ularni shu darajada qo‘llab-quvvatlab baqirdiki, to‘rtga bo‘lingan stadiondagi jamoalar ishqibozlari orasida uning ovozi ajralib turdi.
Ikkinchi taym esa anchagina asabiy va qo‘polliklar bilan o‘tdi. Ayrim vaziyatlarda Nepal futbolchilari shu darajada qo‘pol o‘ynashdiki, yashil maydonda yiqilib yotgan o‘zbekistonlik futbolchilar oldiga shifokorlar yugurib kelishga majbur bo‘lishdi. Lekin yigitlar iroda va matonat ko‘rsatib o‘rinlaridan turib o‘yinni davom ettirishdi.
Eng hayajonli vaziyat esa 2-taymning so‘nggi daqiqasida yuz berdi. Birinchi gol muallifi Ruslan Kotov raqib jarima maydonida qo‘pollik bilan chalib yiqitilgach, hakam Nepal darvozasi tomon penalti belgiladi.
Penaltini aniq amalga oshirgan Ruslan Karaxanyanning golidan keyin maydonda futbolchilardan ko‘ra jurnalistlar soni ko‘payib ketdi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Golni nishonlayotgan yigitlarning quvonchini kameraga muhrlayotgan jurnalistlarni ko‘rib hakam ham hayajonga tushib qoldi. Uning "Pressa, yeshe yest vremya, pojaluysta, osvobodite pole" degan so‘zlari hech qachon yodimdan chiqmasa kerak.
Yigirma soniya davom etgan hayajonli kurashlardan so‘ng uchrashuv nihoyasiga yetdi va O‘zbekiston terma jamoasi yarim finalga chiqdi. Bu o‘yinda shubhasiz Ruslan Kotov qahramonga aylandi.
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Jamshid Asadov o‘yin oldidan suhbatimizda bu musobaqada ilk bor ishtirok etishayotganini va tarixda qolish, O‘zbekiston xalqini xursand qilish niyatida ekanliklarini aytgandi. Darhaqiqat, ilk bor bunday nufuzli musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston termasining yarim finalga chiqishi mamlakat futboliga befarq bo‘lmagan barchani xursand qildi.
O‘yin yakunlanganidan so‘ng O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi bosh konsuli Mehriddin Xayriddinov bugun qahramonlarcha uchrashuv guvohi bo‘lganini, yigitlar hech qachon taslim bo‘lmaydigan haqiqiy o‘zbekona ruh va irodani namoyish etishganini e’tirof etdi.
"Bugungi g‘alaba mamlakatimizda sportga, xususan, futbolga, yoshlarga yuqori darajada e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir. Biz butun elchixonamiz xodimlari bilan yigitlarni qo‘llab-quvvatlash uchun keldik. Biz uchun ular allaqachon chempionlarga aylanishdi", — dedi Xayriddinov.
O‘zbekistonlik futbolchilar ertaga yarim finalda Burundi terma jamoasiga qarshi maydonga tushishadi.