O‘zbekistonga germaniyalik biznesmenlardan iborat katta delegatsiya keladi

Delegatsiya tarkibidan Siemens, MAN, BASF, TUI Group, SAP, Deutsche Bank va Commerzbank hamda O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqqan kichik va o‘rta biznes korxonalari vakillari o‘rin olgan
Sputnik

TOShKENT, 11-may — Sputnik. Germaniya kompaniya va banklarining 70dan ortiq vakillaridan iborat delegatsiya 14-16 may kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi, deb xabar berdi "Jahon" AA.

Tashrif O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan Nemis iqtisodiyoti sharqiy qo‘mitasi va Nemis-o‘zbek ishbilarmonlar kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Germaniya O‘zbekistonda avtoyo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etadi

Banklar va avtomobil, kimyo, elektrotexnika, turizm va qurilish, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, xizmatlar va boshqa sohalar vakillaridan iborat delegatsiya ikki mamlakat hamkorligi tarixidagi eng katta delegatsiya bo‘ladi. Delegatsiya tarkibidan Siemens, MAN, BASF, TUI Group, SAP, Deutsche Bank va Commerzbank hamda O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqqan kichik va o‘rta biznes korxonalari vakillari o‘rin olgan.

Tashrif doirasida 15-may kuni Toshkentda Nemis-o‘zbek ishbilarmonlar kengashining IV yig‘ilishi, biznes-forum va kooperatsion birja o‘tkaziladi. Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari Buxoro viloyatidagi Knauf Gips zavodi ishlab chiqarish liniyasining ochilish marosimida ishtirok etishadi hamda nemis sanoat zonasi yaratilishi rejalashtirilayotgan Toshkentdagi sobiq "Algoritm" zavobiga tashrif buyurishadi.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekistondagi qator korxonalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish, hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun respublika viloyatlariga tashrif buyurish ham rejalashtirilgan. Tadbirlar yakunlariga ko‘ra tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan kelishuvlarni imzolashi ko‘zda tutilgan.