Avtomobillarni notarial tasdiqlovsiz ijaraga berishga doir qonun loyihasi ko‘rib chiqildi

Avtomobillarni qisqa muddatga ijaraga berish (karshering) bo‘yicha dastlabki xizmatlarni O‘zbekistondagi to‘rt turistik markaz - Buxoro, Toshkent, Samarqand va Xorazmda ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 11-may — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar avtomobillarni notarial tasdiqlovsiz ijaraga berishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar berdi.

"Birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan "O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 565-moddasiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalarining qizg‘in baxs-munozaralari obyektiga aylandi", — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda avtomobillarni ijaraga berish xizmati yo‘lga qo‘yilmoqda

Xabarda aytilishicha, loyiha bilan jismoniy shaxslar tomonidan avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomasini uning notarial tasdiqlovisiz bir oy muddatga huquqiy jihatdan rasmiylashtirish masalalarini soddalashtirishni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Hozirgi paytda milliy qonunchilik avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomasini notarial tasdiqlashni talab etadi.

Siyosiy partiyalar fraksiyalari, ayniqsa "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha prezident tomonidan belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda mazkur qonun loyihasi normalarini takomillashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdilar.

Avtomobillarni qisqa muddatga ijaraga berish (karshering) bo‘yicha dastlabki xizmatlarni O‘zbekistondagi to‘rt turistik markaz — Buxoro, Toshkent, Samarqand va Xorazmda ishga tushirish rejalashtirilmoqda.