O‘zbekistonda birorta ham mahbus jurnalist qolmadi - CPJ

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi jurnalist Bobomurod Abdullayev va blogger Hayotxon Nasriddinovlarning sud zalidan ozod etilishi munosabati bilan bayonot berdi
Sputnik

TOShKENT, 9-may — Sputnik. Bosh shtab kvartirasi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi xalqaro nodavlat tashkiloti O‘zbekiston qamoqxonalarida birorta ham mahbus jurnalist qolmaganligini ma’lum qildi.

Jurnalist Bobomurod Abdullayev va blogger Hayotxon Nasriddinovlarning sud zalidan ozod etilishi munosabati bilan e’lon qilingan bayonotda O‘zbekistonning bu qadami olqishlanadi.

Bobomurod Abdullayev sud zalida ozod qilindi

Qo‘mitaning bildirishicha, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga rahbarlik qilishni boshlaganidan beri mamlakatda uzoq yillardan buyon qamoqxonalarda bo‘lgan jurnalistlar: Muhammad Bekjonov, Jamshid Karimov, Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayid, Yusuf Ro‘zimurodovlar ozodlikka chiqarilgan.

7 may kuni esa O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159-moddasi (Davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof ravishda o‘zgartirish) bilan ayblangan va jurnalist Bobomurod Abdullayev, blogger Hayotxon Nasriddinov va yana ikki nafar fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish yuzasidan sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Bobomurod Abdullayevga maoshining 20%i davlat hisobiga o‘tkazish sharti bilan 3-yillik axloq tuzatish ishlari berildi. Abdullayev 221 kun hibsda saqlanganini hisobga olgan holda, ushbu muddat jazo muddatidan chiqarib tashlandi.

Ushbu jinoiy ish bo‘yicha ayblanayotgan boshqa ishtirokchilar — Hayotxon Nasriddinov, Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayevlarga qo‘yilgan ayblar olib tashlandi va ular sud zalidan ozodlikka chiqarildi.

O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida, dastlabki bosqichda unga va yana uch nafar fuqaroga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Berilgan ko‘rsatmalarning ayrimlari bosim ostida olingan deb topildi. Ushbu ishni mahalliy va xalqaro jurnalistlar yoritib borishdi.