TOShKENT, 8-may — Sputnik, Anton Kurilkin. Sputnik O‘zbekiston general Sobir Rahimovning hayoti va jangovar yo‘lini yodga oladi.
Sovet ittifoqining bo‘lajak qahramonining otasi qozoq, onasi o‘zbek edi. Uning tug‘ilgan joyi haqida ikki xil ma’lumot aytiladi: birida u Toshkentda tug‘ilgan deyilsa, ikkinchisida Janubiy Qozog‘iston viloyatida tug‘ilgan deyiladi. Tug‘ilgan sanasi haqida ham ma’lumotlar turlicha: bir manbaga ko‘ra Rahimov 1902-yil 1-yanvarda tug‘ilgan, yana bir manbada esa uning 25-yanvarda tug‘ilganligi aytiladi.
Bolakay sakkiz yoshligida otasidan ayriladi va onasi bilan Toshkent viloyatida yashovchi tog‘asi Rahimjonnikiga ko‘chib kelishadi.
Jangovar yo‘lning boshlanishi
Yigirma yoshga to‘lganida Sobir Rahimov ishchi-dehqonlar Qizil armiyasi safiga kiradi. 1925-yilda Boku birlashgan harbiy maktabini bitirgan yosh komandir Turkiston harbiy okrugiga xizmatga jo‘natiladi.
Dastlabki yillarda Rahimov kvaleriya bo‘linmalarida qo‘mondonlik qiladi. Janglarda ko‘rsatgan jasorati uchun 1926-yilda dastlabki ordenga sazovor bo‘ladi.
1938 yilgi tozalovlar paytida Rahimov harbiy xizmatdan chetlatiladi, ammo 1940-yilda qurolli kuchlar safiga qaytariladi va G‘arbiy maxsus harbiy okrugga jo‘natiladi.
Ikkinchi Jahon urushini mayor Rahimov motoo‘qchi polk komandiri o‘rinbosari sifatida qarshi oladi. 1941-yil yozida Sobir Rahimov G‘arbiy frontda, Belarus va Smolenskdagi janglarda ishtirok etadi va yaralanadi.
Davolanib chiqqanidan so‘ng Rahimov Janubiy frontga yo‘l oladi va 353-o‘qchi diviziyaning 1149-o‘qchi polkiga komandirlik qiladi.
"Bolshie Sali qishlog‘idagi janglarda polkni jasurlik bilan boshqardi, o‘z ibrati bilan jangchilarni jangga chorlab, dushmanga katta talofat yetkazdi. 28 va 29-noyabrda Rostov uchun jangda uning rahbarligidagi polk Rostovni birinchi bo‘lib ishg‘ol etdi va Kamenolomnya rayoniga kirib bordi. O‘rtoq Rahimov hukumat mukofoti — "Qizil Bayroq" ordeni bilan mukofotlandi", — deyiladi 1941-yil dekabrda Rahimovning jasorati uchun taqdim etilgan taqdirlov varaqasida.
1942 yil yanvarda Rahimov yana yaralanadi va frontga may oyida qaytadi.
U xizmatni 56-armiyaning 395-o‘qchi diviziyasi komandiri o‘rinbosari sifatida davom ettiradi.
Qirq ikkinchi yilning og‘ir yozida, Vermaxt Qizil armiyani Volgaga taqab qo‘ygan paytda Rahimov Shimoliy Kavkaz mudofaasida ishtirok etadi va o‘z diviziyasi bilan nemis qo‘shinlarining Kavkaz neftiga yetib kelishlariga yo‘l qo‘ymaydi.
Sentabrga kelib Rahimov diviziyaga qo‘mondonlikni o‘z qo‘liga oladi. 42-yil kuzida diviziya Tuapseni mudofaa qilib, nemislarning Qora dengizga chiqishlariga to‘sqinlik qiladi.
Rahimov diviziyasi uchun eng og‘ir janglardan biri 23-sentabrda bo‘ladi — dushman unga qarshi artilleriya va 75ta samolyot hujumidan keyin uch yarimta polk piyoda qo‘shinlarini, beshta tank, 11 bronetank va bronemashinalarni tashlaydi. Rahimovning jangchilari barcha hujumlarni qaytarishadi va ortga chekinishmaydi.
Jangovar general
1943 yil martda Rahimovga general-mayor unvoni beriladi va Moskvaga Harbiy akademiyaga o‘qishga chaqiriladi.
Uning mayorlikdan generallikkacha juda tez ko‘tarilishi shaxsiy ofitserlik xususiyatlari bilan izohlanadi.
Taqdirlov varaqasida u haqda shunday deyiladi:
"Irodali, savodli, o‘suvchi o‘rtoq. Urush boshidan buyon gitlerchi bosqinchilarga qarshi frontda bo‘lgan, yaralangan va sog‘ayganidan so‘ng 353-o‘qchi diviziyaga polk komandiri etib jo‘natilgan. Polkka qo‘mondonligi davomida ishini a’lo darajada bajargan… O‘rtoq Rahimov barcha turdagi qo‘shinlarni birlashtirishni uddalay oladi va jangovar vazifani bajarish uchun ularning barchasini safarbar qiladi".
1944 yil noyabri o‘rtalarida, o‘qishni yakunlagan general-mayor Rahimov frontga qaytadi va Sharqiy Prussiyada jang qilayotgan 37-gvardiya o‘qchi diviziyasi qo‘mondonligini oladi.
Gvardiyachilar to‘qqiz ming jangchi qo‘riqlayotgan Graudens shahar-qal’asini ishg‘ol etishda ajralib turishadi. Kuchli zarba bilan dushman himoyasini yorib kirgan Rahimov jangchilari shahar ko‘chalarida dushman garnizonining barcha kuchlarini o‘zlariga jalb etishadi va Qizil armiyaning boshqa qismlari dushmanga qanotdan zarba berishiga imkon yaratishadi.
"Baland bo‘yli, cho‘zinchoq yuzlari janub quyoshida qoraygan, kalta va keng burunli general-mayor Sobir Umar o‘g‘li Rahimov diviziya holati haqida qisqa, lekin aniq hisobot berdi. Uning hisobotida ayrim komandirlarga ham tavsif berilgani esa generalning qism va bo‘linmalarda tez-tez bo‘lishini hamda o‘z qo‘l ostidagilarni juda yaxshi bilishidan darak beradi", — deb tavsiflagandi armiya generali Ivan Feduninskiy Rahimovni.
Sobir Rahimov diviziyasi Dansig ko‘chalariga ham birinchi bo‘lib kirib kelgan. Eng og‘ir uchastkalardagi janglarda general-mayorning shaxsan o‘zi boshchilik qilgan. Bu uning qahramonligi haqidagi yagona holat emas.
"Diviziyaning hujum harakatlarida o‘zining jasur, qat’iy va mard general ekanligini namoyish etdi… 241-o‘qchi polkka yetakchilik qilish davomida polkning asosiy yo‘nalishda oldinga siljishini ta’minladi. Janglarda yaralangan bo‘lsa ham vazifa bajarilmaguniga qadar jang maydonini tashlab ketmadi", — deyiladi Rahimovni taqdirlov varaqasida.
Ammo o‘lim generalni jang maydonida emas, diviziya kuzatuv punktida — 1945-yilning 26-martida, g‘alabaga bir yarim oy qolganida izlab topdi. Nemis kemasidan otilgan og‘ir snarad kuzatuv punktiga kelib tushdi. Sobir Rahimov boshidan og‘ir jarohat oldi va kasalxonada vafot etdi.
Qahramonlar hech qachon unutilmaydilar
Qahramon Toshkentdagi Kafanov nomidagi parkda dafn etildi. Yigirma yildan so‘ng general-mayor Rahimovga o‘limidan keyin Sovet Ittifoqi qahramoni unvoni berildi.
Iosif Stalin "temir general" deb atagan Sobir Rahimov haqida Komil Yashin tomonidan "General Rahimov" pyesasi yozilgan va 1967-yilda "O‘zbekfilm" studiyasi tomonidan shu nomdagi badiiy film suratga olingan.
2010 yilda Toshkentdagi general nomi qo‘yilgan metro bekati nomi o‘zgardi. Sobir Rahimov tumani Olmazor tumani nomini oldi, afsonaviy qo‘mondon haykali G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘ga ko‘chirildi. Oradan sakkiz yil o‘tgach, may oyi boshlarida haykal o‘zining oldingi joyiga qaytarildi.