"Toshkent gerbi" o‘rniga Berdaq haykali o‘rnatiladi

Toshkent hokimiyati Shimoliy vokzal qarshisidagi maydonga Berdaq haykalini o‘rnatish rejalashtirilayotganini xabar qildi.
Sputnik

TOShKENT, 7-may — Sputnik. Bir necha kun oldin olib tashlangan "Toshkent gerbi" monumenti o‘rniga qoraqalpoq shoiri Berdaq haykali o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.

Poytaxt hokimiyati xabariga ko‘ra, birinchi navbatda monument atrofidagi hudud obodonlashtiriladi, yo‘laklar quriladi va favvoralar ishga tushiriladi. Keyin esa oldin Nukus ko‘chasida bo‘lgan qoraqalpoq shoiri Berdaq haykali qaytariladi.

“Toshkent gerbi” monumenti olib tashlandi

"Shimoliy vokzal ro‘parasida Nukus ko‘chasi bor, bu yerda bir vaqtlar qoraqalpoq shoiri Berdaq haykali o‘rnatilgan edi. Biz ushbu hududni obodonlashtirish va haykalni qaytarish haqida topshiriq oldik va ishlarni boshlab yubordik. Ish jarayonida biz ushbu hududning Nukus ko‘chasi tomonini va vokzal tomonini birlashtirib yagona me’morchilik ansambli yaratish va uning atrofini obodonlashtirishga qaror qildik", — dedi hokimning sanoat va qurilish ishlari va kommunikatsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Nadirjon Maksumov.

Bu yerdan olib tashlangan "Toshkent gerbi" monumentining kelajagi haqida hozircha hech narsa ma’lum emas.