Bobomurod Abdullayev sud zalida ozod qilindi

“Usmon Haqnazar” taxallusi ostida maqolalar chop etib kelgan jurnalist Bobomurod Abdullayevga uch yil axloq tuzatish ishlari berilib, sud zalida ozodlikka chiqarildi.
Sputnik

TOShKENT, 7-may – Sputnik. Bugun Toshkent shahar sudida Bobomurod Abdullayev va yana uch nafar fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish yuzasidan sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Bobomurod Abdullayevga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159 moddasi 4 qismi (Davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof ravishda o‘zgartirish) bo‘yicha quyilgan ayblov qayta ko‘rib chiqilib, JKning 159 moddasi 1 qismi – “b” bandiga o‘zgartirildi va jurnalistga maoshining 20%i davlat hisobiga o‘tkazish sharti bilan 3-yillik axloq tuzatish ishlari berildi.

Bobomurod Abdullayev ishi: jurnalist qiynoqqa solingani o‘z isbotini topmadi

Abdullayev 221 kun hibsda saqalanganini hisobgan olgan holda, ushbu muddat jazo muddatidan chiqarib tashlandi va unga bir yil davomida axloq tuzatish ishlarini bajarish yuklatildi.

Ushbu jinoiy ish bo‘yicha ayblanayotgan boshqa ishtirokchilar Xayotxon Nasriddinov, Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayevlarga qo‘yilgan ayblar olib tashlandi va ular sud zalida ozodlikka chiqarildi.

Shu bilan ushbu Jinoyat ishi bekor qilindi  uni dastlabki bosqichda olib borgan tergovchilarga xususiy ajrim chiqarildi.

Eslatib o‘tamiz, “Usmon Haqnazar” taxallusi ostida maqolalar chop etib kelgan jurnalist Bobomurod Abdullayev 2017-yilning sentabrida hibsga olingan edi. O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida, dastlabki bosqichda unga va yana uch nafar fuqaroga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Berilgan ko‘rsatmalarning ayrimlari bosim ostida olingan deb topildi. Ushbu ishni mahalliy va xalqaro jurnalistlar sinchikovlik bilan yoritib borishdi.