O‘zbekistonning besh shahrida 11-may kuni “Diktant.uz” aksiyasi o‘tkaziladi

Aksiyani o‘tkazishdan maqsad o‘zbek tilining ijtimoiy mavqeyini yanada mustahkamlash, o‘zbek tilining vorislari sifatida ona tilini asrab-avaylash, uning nufuzini yanada oshirishdir.
Sputnik

TOShKENT, 4-may — Sputnik. Kelasi juma, 11-may kuni Toshkent, Samarqand, Andijon, Qarshi va Termiz shaharlarida “Diktant.uz” — yozma savodxonlik bo‘yicha aksiya o‘tkaziladi. Bu haqda respublika Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar qildi.

Aksiya soat 15:00 da bir paytning o‘zida Toshkentdagi bir qator oliy o‘quv yurtlari va Samarqand, Andijon, Qarshi, Termiz Davlat universitetlarida o‘tkaziladi.

Mazkur aksiya Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi "Yagona integrator UZINFOCOM" hamda O‘zbekistondagi bir qator universitet, institut, tashkilotlar hamkorligida tashkil etilmoqda.

O‘zbekistondagi korxona, muassasa va tashkilotlarda ommaviy diktant tadbiri o‘tkaziladi

Aksiyani o‘tkazishdan maqsad o‘zbek tilining ijtimoiy mavqeyini yanada mustahkamlash, o‘zbek tilining vorislari sifatida ona tilini asrab-avaylash, uning nufuzini yanada oshirishdir.

"Diktant.uz" aksiyasi aholi o‘rtasida o‘zbek tiliga nisbatan hurmat hissini kuchaytirish, savodxonlikni barcha uchun umumiy normaga aylantirishga erishish, shuningdek, yoshlarning til madaniyati masalalarida ijtimoiy faolligini oshirish, yozma savodxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va qiziqishni yanada oshirish hamda o‘zbek tili ta’limini takomillashtirishga qaratilgan ijtimoiy aksiya hisoblanadi.

Unda ishtirok etish yoshi chegaralanmagan bo‘lib, o‘zbek tilida yozishni biladigan barcha xohlovchilar diktant yozish yo‘li orqali imlo savodxonligi bo‘yicha o‘z bilimlarini tekshirib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Aksiyada ishtirok etish istagida bo‘lgan xohlovchilar "Diktant.uz" saytida oldindan ro‘yxatdan o‘tishlari maqsadga muvofiqligi bildirilmoqda.