Namanganda AvtoVAZ uchun yoritish chiroqlari ishlab chiqariladi

UZCHASYS – “O‘zsanoatqurilishbank” va “O‘zavtosanoat” birgalikda amalga oshirayotgan loyiha bo‘lib, uning doirasida eksportga mo‘ljallangan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqariladi.
Sputnik

TOShKENT, 3-may – Sputnik. Namangan shahridagi UZCHASYS qo‘shma korxonasida AvtoVAZning bir necha modellari uchun yoritish chiroqlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Sanoat qurilish banki matbuot xizmati.

“Xususan, “Lada Granta FL” avtomobili uchun oldingi yoritish chiroqlari,  “Lada Vesta SW/SW Cross” avtomobillari uchun nomer raqamlarini yoritish chiroqlari, hamda  “Lada 2190”, “Lada 2191”, “Lada 8450”, “Lada 1117”,  “Lada 1119” avtomobillari uchun 10dan ortiq turli xildagi chiroqlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi”, — deyilgan xabarda.  

O‘zsanoatqurilishbank va “O‘zavtosanoat” hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida UZCHASYS korxonasiga Hindistonning “NEOLITE ZKW Lightings Pvt Ltd” va Germaniyaning “Genter Service GmbH”  kompaniyalari aspob-uskunalari o‘rnatiladi, 35ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Yangi loyiha doirasida amalga oshirilayotgan korxonada yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqariladi va ushbu mahsulotning aksariyati eksportga yuboriladi.