Mirziyoyev Namanganda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berdi

Hosildor urug‘lar butun mamlakatga yetkazib beriladi
Sputnik

TOShKENT, 3-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Chust tumanidagi "Baraka meva sanoat servis" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi va u yerda barpo etilgan intensiv usulda qurilgan issiqxonani kirib ko‘rdi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati.

Korxonaning 17 sotixlik tajriba uchastkasida meva-sabzavotlar sinovdan o‘tkazilmoqda.

"Aeroponika usulida kartoshka urug‘i yetishtirish tajribasi Mirziyoyevda katta taassurot qoldirdi. Yosh olim Sherzod Toshpo‘latov tatbiq etgan bu usul orqali an’anaviy usulga nisbatan 6 barobar yuqori hosil olish mumkin", — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston rahbari ushbu tajriba asosida Namanganda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirishga doir maxsus qaror ishlab chiqish, butun mamlakatimizga hosildor urug‘ yetkazib berish bo‘yicha topshiriq bergan.

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga keldi
Shuningdek, prezident uchun shu yerning o‘zida 2018-2019 yillarda baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik, pillachilikni rivojlantirish, tutzorlar tashkil etish, qurg‘oqchil maydonlarning suv ta’minotini yaxshilash, paxtadan bo‘shagan yer maydonlariga bozorgir ekinlar ekish, bular orqali viloyat eksport salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazilgan.

"Baraka meva sanoat servis" mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z faoliyatini 2015-yilda yong‘oq, mayiz va kovulni eksport qilishdan boshlagan. Hozirda bu yerda kungaboqar, fasol, urug‘lik kartoshka, duragay makkajo‘xori, pomidor ham parvarishlanmoqda. Jamiyat tomonidan intensiv bog‘ tashkil etilib, eksportbop mevalar yetishtirish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 9,6 milliard so‘m bo‘lib, yiliga 4 ming 600 tonna yong‘oq yetishtirish, bir yilda 40 milliard so‘mlikdan ziyod mahsulot olish rejalashtirilgan. Hosilning 70 foizini eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.