O‘zbekiston va Turkiya savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazishi mumkin

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil oktabrda Turkiyaga bo‘lgan davlat tashrifidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshgan edi. 2018-yilning birinchi choragida ushbu ko‘rsatkich yana 20 %ga o‘sdi.
Sputnik

TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev va Tayyip Erdo‘g‘an tor doiradagi uchrashuvdan so‘ng muzokaralarni rasmiy delegatsiyalar ishtirokida davom ettirdilar, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.

"Tor doiradagi muloqotimiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta siyosiy iroda mavjud ekanini yana bir bor tasdiqladi. Xalqlarimiz va davlatlarimiz manfaatiga bevosita daxldor bo‘lgan barcha masalalarni, nafaqat bugungi kundagi, balki kelgusidagi rejalarimizni ochiq va atroflicha kelishib oldik", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qadim tuproqlarimiz bo‘lmish O‘zbekistonga kelganimdan, aziz qardoshim Shavkat Mirziyoyev bilan yana ko‘rishganimdan mamnun bo‘ldim, dedi Rejep Tayyip Erdo‘g‘an.

"Keyingi yillardagi muloqotlarimizdan so‘ng iqtisodiy aloqalardagi ko‘rsatkichlar oshgani biz to‘g‘ri yo‘lda ekanimizdan dalolatdir. Natijalar yaqqol sezilyapti. Turkiyalik ish odamlari O‘zbekistonga intilyapti. O‘zbekistonda Turkiya firma va kompaniyalari uchun, sayyohlar harakati uchun keng imkoniyatlar yaratilyapti", — dedi Turkiya prezidenti.   

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil oktabrda Turkiyaga bo‘lgan davlat tashrifidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshgan edi. 2018 yilning birinchi choragida ushbu ko‘rsatkich yana 20 %ga o‘sdi.

Muzokarada yaqin yillarda savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyat mavjudligi ta’kidlandi. Tomonlar hamkorlik uchun istiqbolli tarmoqlar va loyihalarni ilgari surdi. 

O‘zbekiston Turkiya bozoriga yengil sanoat, kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, charm-poyabzal va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilishni kengaytirishga tayyor. Bu borada Istanbul shahrida ta’sis etilgan O‘zbek — Turk savdo uyi imkoniyatlaridan keng foydalanish mumkin.

Transport kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Baku — Tbilisi — Kars temir yo‘li savdo aloqalari uchun ulkan imkoniyatlar yaratishi qayd etildi. Shu jihatdan tranzit tariflarini yanada maqbullashtirish muhimligi ta’kidlandi. 

Muzokarada investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni mustahkamlash, turizm, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Xabarning to‘liq matni bilan O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati sahifasida tanishishingiz mumkin.