Il-38 harbiy samolyoti Jukovskiy aeroportida old g‘ildiraksiz qo‘ndi

Uchuvchilar samolyotni imkon qadar uzoqroq orqa g‘ildiraklarida ushlab turishga muvaffaq bo‘lishgan. Buning evaziga samolyotning old qismi jiddiy shikastlanmagan.
Sputnik

TOShKENT, 29 apr – Sputnik. Tajribali uchuvchilar Il-38 harbiy samolyotini oldingi g‘ildiraksiz, shassisi chiqarilmagan holda qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lishdi, deb xabar qilmoqda mahalliy OAVlar.

Hindiston harbiy kuchlariga qarashli bo‘lgan,  texnik nosoz samolyot bortida 7 nafar odam bo‘lgan. Samolyot parvozga ko‘tarilganidan so‘ng uning oldingi shassisi ishlamay  qolgan. Uchuvchilar aeroport ustida 5 marotaba aylanib yonilg‘i miqdorini kamaytirishgan va  samolyotni qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ligan. Avariya holatida qo‘nish vaqtida samolyot jiddiy shikastlanmagan.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, uchuvchilar samolyotni imkon qadar uzoqroq orqa g‘ildiraklarida ushlab turishga muvaffaq bo‘lishgan. Buning evaziga samolyotning old qismi jiddiy shikastlanmagan va uni tuzatishning imkoni bor.

Il-38 – o‘rta masofalarga uchuvchi, suv osti kemalariga qarshi kurashuvchi harbiy samolyot bo‘lib, u dastlab 1967-yilda Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan. Ayni damda Rossiya va Hindiston qurolli kuchlarida bir necha shunday samolyotlardan foydalaniladi.