Mirziyoyev va Erdo‘g‘on global tahdidlarga qarshi kurashish masalasini muhokama qilishadi

Tashrif doirasida Turkiya prezidenti O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida so‘zga chiqadi.
Sputnik

TOShKENT, 27 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya prezidenti Rejep Tayip Erdo‘g‘on 29-aprel — 1-may kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi. 

O‘zbekiston prezidentining 2017-yil 25-26 oktabr kunlari Turkiyaga davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi siyosiy muloqot davomi sifatida Toshkent shahrida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘llari, ikki tomonlama munosabatlarning yangi istiqbollari belgilash va rivojlantirishni muhokama qilish rejalashtirilgan.

"Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik, jumladan, global va mintaqaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, tashrif doirasida Turkiya prezidenti O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida so‘zga chiqadi. Prezidentlar O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi banklari, kompaniya va firmalari rahbarlarining qo‘shma biznes forumida ham ishtirok etadi", — deyilgan TIV xabarida.

Tashrif dasturidan Turkiya delegatsiyasining Buxoro shahrida bo‘lishi ham o‘rin olgan.

O‘zbekiston-Turkiya muzokaralari yakunida prezidentlar ikki tomonlama munosabatlarining joriy holati va uni jadal rivojlantirish masalalri aks etgan Qo‘shma bayonotni imzolash rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida davlatlararo, hukumatlararo va idoralaro turli sohalarga oid salmoqli hujjatlar to‘plami hamda qator investitsiya kelishuvlari imzolanishi kutilmoqda.