Telegramni bloklagani uchun Roskomnadzor ustidan sudga ilk da’vo arizasi berildi

Da’vogarning ta’kidlashicha, Telegramni bloklashga urinish oqibatida kompaniyaning xorijiy domenda joylashgan qator serverlari to‘sib qo‘yilgan.
Sputnik

TOShKENT, 27 apr —Sputnik. Rossiyalik tadbirkor Aleksandr Vixarev Telegramni bloklashga urinish oqibatida ko‘rgan zararini undirish uchun Roskomnadzordan 5 million rubl undirishni so‘rab sudga ariza berdi. Bu haqda RIA Novostiga tadbirkorning vakili xabar qildi.

Aleksandr Vixarev tijrat ko‘chmas mulkiga investitsiya jalb qilish bilan shug‘ullanuvchi "Investori" kompaniyasiga rahbarlik qiladi.

Telegramsiz Rossiya: ommabop messenjer blokirovka qilinsa nima bo‘ladi

Da’vogarning ta’kidlashicha, Telegramni bloklashga urinish oqibatida kompaniyaning xorijiy domenda joylashgan qator serverlari to‘sib qo‘yilgan.

"Bu cheklovlar tashkilotning o‘tkazuvchanlik qobiliyati buzilishiga olib keldi va da’vogarning plaftormasidan foydalanadigan ko‘plab investorlar o‘z shaxsiy kabinetlarida operatsiyalarni amalga oshira olishmadi", — deyiladi da’vo arizasida.

Da’vo summasiga izoh berar ekan, bosh direktor bu miqdor kompaniya nufuziga yetadigan ziyonga asoslanganini bildirdi.

Aprelda Roskomnadzor Moskvaning Taganskiy sudi qaroriga ko‘ra Telegramni bloklashni boshladi.

Telegram bloklashni chetlab o‘tish uchun Amazon va Google xostinglaridan foydalandi. Roskomnadzor esa ushbu kompaniyalarning messenjer foydalangan IP-manzillarini ham bloklashni boshladi. Oqibatda qator tashqi resurslarning Rossiyadagi faoliyatida nosozliklar yuzaga keldi.